Kichik biznes – iqtisodiyotning poydevori
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Tavboyev hamda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ayratjon Xoliqberdiyev ishtirok etib, tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazishdi.
Mazkur uchrashuvda asosiy e’tibor Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 19 mart kuni tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash masalasiga qaratildi. Muloqot ishtirokchilariga bu yo‘nalishda yaratilgan qulay shart-sharoit, mavjud imkoniyat va yangiliklar to‘g‘risida batafsil axborot berildi.

Uchrashuvda mahalliy tadbirkorlar o‘z faoliyatlarida uchrayotgan muammolar borasida gapirib, o‘z takliflarini ham aytib o‘tishdi. Shuningdek, muloqotda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etish, mavjud qarzdorliklarni bo‘lib to‘lash, amaldagi imtiyozlardan samarali foydalanish, jarima va sanksiyalar bo‘yicha yengilliklar berish kabi masalalar ham ko‘tarildi.

Xususan, “Madina Qurolova” MCHJ rahbari Malika Qurolova soliq hisobotlarini topshirish bilan bog‘liq muammosini bayon etdi va muloqotdan o‘ziga kerakli huquqiy tushuntirishlar olganini ta’kidladi.
Muloqot davomida har bir murojaat alohida ko‘rib chiqilib, amaliyotga doir yechimlar taklif etildi. Soliq to‘lovlari, hisobotlar va huquqiy masalalar yuzasidan aniq tavsiya va tushuntirishlar berildi.

E’tiborga molik jihati shundaki, bunday ochiq muloqotlarda nafaqat mavjud muammolar ko‘tariladi, balki ularni hal etish uchun aniq chora-tadbirlar ham belgilab olinadi. Bu esa kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining amaliyotdagi ifodasidir.

Muloqot yakunida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar tegishli tashkilotlar tomonidan inobatga olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri