Kiberxondriya yangi kasallik, lekin tez tarqalmoqda
COVID-19 tufayli yuzaga kelgan xavotirlar ortgani sayin internetda kasallik haqida ma’lumot izlash ham kundan-kunga ko‘paymoqda.
Biroq internetdagi salomatlik bilan bog‘liq turli ma’lumotlar boshqa muammolarga olib kelishi mumkin. Masalan, kiberxondriyaga. Psixiatr doktor Bushra Chubayning ta’kidlashicha, bu kasallik internet bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli ayniqsa, yoshlarda ko‘proq uchraydi.
Shifokorning aytishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan mavhum xulosalar va xavotir kiberxondriyaga olib keladi. Kiberxondriya bu haddan ziyod qo‘rquv, sarosimaga tushish kasalligidir. Shuni unutmaslik kerakki, noto‘g‘ri ma’lumotlar internetda oson va keng tarqaladi. Jismoniy va ruhiy holatlar bo‘yicha ko‘plab shikoyatlar ham internetdagi turli ma’lumotlarga ishonishdan kelib chiqadi. Hali ruhiy kasallik deb tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, kiberxondriya ham aqlan rivojlanishga ta’sir etishi mumkin.
Virtual olamdagi texnik til, olingan ma’lumotlarning sifati, salbiy ma’lumotlarning ko‘pligi va filtrlanmagan ma’lumot bilan ishlash odamlarda stressni kuchaytiradi.
Doktor Chubay har xil manbaga ishonib ketavermaslik haqida ogohlantirib, jumladan, shunday deydi deydi:
— Internetdagi ishonchli va ishonchsiz axborot manbalarini ajratish haqiqiy dunyodan ko‘ra qiyinroq. Shuning uchun internetdagi ma’lumot manbalarining aniqligi ta’minlanishi kerak. Buning uchun zarur tibbiy maslahat kerak bo‘lganda mutaxassis shifokorlar tomonidan taqdim etilgan ilmiy ma’lumotlar va tavsiyalarni hisobga olish kifoya.
Virtual qidiruv ziddiyatli, tushunarsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, odamlar ko‘pincha o‘zlarining sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risida internetdan olgan ma’lumotlariga muvofiq harakat qiladi. Bu esa sog‘ayish muddatini cho‘zilishiga olib keladi.
Inson ko‘p vaqtini internetdan foydalanishga bag‘ishlashi bilan kundalik hayotga e’tiborini izdan chiqarishi mumkin. Doktor Chubay ma’lum muddatda tanaffus qilib olishni tavsiya etadi. Masalan, haftaning 1 kunini to‘liq ekransiz o‘tkazish yoki haftaning 3-4 kunida 2-3 soatlik ekranga qaramaslik maqsadga muvofiq, deydi.