Namanganda viloyat hokimligi hamda respublika Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 1-31 iyul kunlari o‘tkazilgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” targ‘ibot-tashviqot tadbirlari yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Akramjon Abduhamidov, Ichki ishlar vazirligining tezkor qidiruv departamenti kiberxavfsizlik markazining mas’ul xodimi Saidkamol Sodiqov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qahramon Ergashev bugungi axborot texnologiyalari asrida, hayotimizning barcha jabhalarida kompyuter va raqamlashtirilgan turli xil texnikalarni ko‘rishi mumkinligi, shu bilan birga, internet tarmoqlaridan foydalanmaydigan insonning o‘zi bo‘lmasa kerakligi haqida so‘z yuritdi.
[gallery-18546]
Fuqarolarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish, aholini ogohlikka chaqirish maqsadida yo‘l harakati, yong‘in xavfsizligi, odam savdosi hamda giyohvandlikka qarshi kurash tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinadi.
Prezidentimizning 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi borasida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini yanada qiziqarli va samarali o‘tishi uchun joylarda o‘nga yaqin tanlovlar o‘tkazildi.
Kiberxavfsizlik oyligi doirasida tibbiyot muassasasi xodimlari o‘rtasida “Firibgarlardan ehtiyot bo‘ling” tanlovida Norin tumani tez tibbiy yordam bo‘limi mas’ul xodimi Elyorbek No‘’monov, jurnalist va blogerlar o‘rtasidagi “Eng yaxshi milliy kontent” tanlovida “Namangan yangiliklari” telegram kanali admini Shohruh Kenjayev, Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasidagi “STOP! Cybercrime” nomli ogohlikka chaqiruvchi ommabop chelenjlar tanlovida Namangan davlat chet tillari instituti talabasi Marg‘uba Abdujabborova, Umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokidagi “Al Xorazmiy avlodlari” nomli “IT” onlayn olimpiadasida Chortoq tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Javohir Kamolov, Ijodkor musavvirlar o‘rtasidagi “Kiber tahdidlardan ogohlantiruvchi rasmlar” tanlovida Chortoq tumanidagi 18-maktab o‘quvchisi Farruhbek Ubixonov g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, ko‘plab turli yo‘nalishdagi tanlovlarda ham g‘oliblar aniqlandi.
G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom, qimmatbaho sovrinlar taqdim etildi. Viloyat san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga zavq bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.