Prezidentimizning “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ahamiyati haqida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Kolenko munosabat bildirdi:
– Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanishi bilan axborot tizimlari jamiyat hayotining barcha sohalariga kirib keldi. Bu aholining muhim xizmatlardan keng foydalanishiga va ularning sifati va tezligi oshishiga sharoit yaratdi. Muhimi, bu shaffoflikni ta’minlash, turli byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va korrupsiya darajasini pasaytirish imkonini berdi.

Biroq raqamlashtirishning afzalliklari bilan birga, jiddiy xavflari borligi sir emas. Kiberjinoyatlar soni o‘sishi bilan birga, ularning murakkablashib borayotgani kuzatilayotir. Ushbu jinoyatlarni sodir etish usullari tobora murakkablashib bormoqda. Fishing hujumlari, viruslar, soxta qo‘ng‘iroqlar, shaxs (drop)lardan foydalanish sxemalarigacha, to‘lov tizimlarini buzib kirish va shaxsga doir ma’lumotlarni o‘g‘irlashgacha bo‘lgan jinoyatlar shular jumlasidandir.
Bunday sharoitda kibertahdidlarga qarshi kurashishdagi mavjud yondashuvlarni tubdan modernizatsiya qilishga talab kuchayishi tabiiy hol. Qonunchilik, texnik baza, ta’sir ko‘rsatish va kadrlar tayyorlash mexanizmlari vazyatga qarab doimiy takomillashtirilishi kerak.
Davlatimiz rahbarining yangi qarori aynan shunga qaratilgan. Bu hujjat axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasida yagona va maqsadli davlat siyosatini shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosi doirasidagi mazkur qaror O‘zbekistonda kiberjinoyatlarning oldini olish va fosh etishga doir chora-tadbirlarni har tomonlama kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli strategik tashabbus hisoblanadi. Unda ushbu turdagi tahdidlarga qarshi kurashishning tashkiliy va huquqiy jihatlari qamrab olingan.
Mazkur qaror raqamli tahdidlarning jadal o‘sishi sharoitida muhim va o‘z vaqtida qabul qilingan hujjat bo‘ldi. Qarorda faqat chora-tadbirlar keltirilibgina qolmay, balki kiberjinoyatga qarshi kurashish bo‘yicha samarali tizimni yaratishga bo‘lgan yaxlit yondashuv taklif etilgan. Unda qonuniy tartibga solish va texnik yechimlardan tortib, profilaktik chora-tadbirlar, idoralararo va xalqaro hamkorlikkacha bo‘lgan muhim yo‘nalishlar qamrab olingan.
Qarorda raqamli sohadagi kiberhujumlardan himoya qilishni ta’minlovchi mustahkam huquqiy asosni yaratishga e’tibor qaratilgani alohida ahamiyatga ega. Unda huquqni muhofaza qilish organlari va moliya tashkilotlaridan tortib, telekommunikatsiya kompaniyalari va fuqarolar, umuman, barcha ishtirokchilarning roli va javobgarligi belgilandi.
Hujjatdagi qoidalarni amalga oshirish natijasida O‘zbekistonda kibertahdidlarga qarshi kurashish sezilarli darajada yaxshilanadi. Chunki, sohaning modernizatsiya qilinishi xavfsiz raqamli muhitni shakllantirish imkonini beradi. Aholining zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan ishonchini hamda axborot xavfsizligi sohasida mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshiradi.
Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi salohiyatni mustahkamlashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli institutsional va tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish qarordagi muhim yo‘nalishlardan biridir. Bu oddiygina texnik chora-tadbirlar emas, balki davlat organlari negizida zamonaviy chaqiriqlarga samarali javob bera oladigan mustahkam infratuzilmani yaratishdir.
Xususan, Bosh prokuratura tizimida kiberjinoyatga qarshi kurashish sohasida qonuniylikni ta’minlaydigan maxsus bo‘lim tashkil etiladi. Quyi prokuratura organlarida ham xuddi shunday bo‘limlar shakllantiriladi.
Prokurorlik nazoratini amalga oshiradigan maxsus bo‘limlarning tashkil etilishi ushbu sohada tergovning qonuniyligini ta’minlaydi. Bu huquqbuzarliklarni tezkor aniqlash, tergov harakatlari sifatini oshirish va jabrlanuvchilarning huquqlari himoyasini kuchaytirish hamda bunday toifadagi ishlarni tergov qilishning yagona amaliyotini shakllantirish imkonini beradi.
Kibertahdidlar maxsus bilim va ko‘nikmalarni talab etgani uchun qarorda yuqorida ko‘rsatilgan bo‘linmalar va Huquqni muhofaza qilish akademiyasining barcha xodimlari joriy yil 1 iyulgacha majburiy malaka oshirish kurslarida o‘qishlari ko‘zda tutilgan. Bu ularning raqamli kriminalistika, texnik tahlil va axborot xavfsizligi sohasida huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishini kafolatlaydi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tarkibida Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va raqamli tergovga ko‘maklashish markazi tashkil etiladi.
Kiberjinoyatlarni sodir etish sabablari va sharoitlarini ilmiy jihatdan o‘rganish markazning muhim faoliyat yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Nafaqat statistik tahlil, balki raqamli muhitda jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashuvchi ijtimoiy-psixologik, tashkiliy va texnik omillar chuqur tadqiq etiladi.
Kiberjinoyatlarni tergov qilish va fosh qilish samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqish ikkinchi muhim yo‘nalish bo‘ladi.
Markaz tergov organlari amaliyotini tahlil qilish, muammoli holatlarni aniqlash, raqamli dalillar taktikasi, ularni to‘plash va baholash bo‘yicha uslubiy tavsiyalarni berish bilan shug‘ullanadi. Bu jinoiy-protsessual faoliyat sifatini oshirish va fosh etilmagan jinoyatlar sonini kamaytirish imkonini beradi.
Raqamli tergov sohasida ta’lim jarayoniga uslubiy ko‘mak ko‘rsatish markazning muhim vazifalaridan biri bo‘ladi. O‘quv dasturlarini yangilash, yangi kurslar, seminar va treninglar tayyorlashda ilmiy ishlanmalardan foydalaniladi. Bu, nafaqat yuridik, balki zarur texnik bilimlarga ega mutaxassislarni tayyorlash imkonini ham beradi. Bu, ayniqsa, jadal rivojlanayotgan texnologiyalar va raqamli makonda jinoyatchilikning doimiy o‘zgaruvchan shakllari sharoitida juda dolzarbdir.
Mazkur qaror mamlakatimizda kiberxavfsizlikning zamonaviy tizimini shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi. Barqaror raqamli muhitni yaratishda davlat, xususiy sektor va jamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishda muhim vektor vazifasini ham bajaradi.
Norgul Abduraimova, O‘zA