Kiberjinoyatlarning oldini olish barchaning vazifasi
Navoiy viloyati hokimligi va viloyat IIB tomonidan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada jonlantirish yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda viloyat IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Anvar Salimov oylik doirasida fuqarolarni ogohlikka undash, internetdagi huquqbuzarliklarning oldini olish, kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish va onlayn to‘lovlar tizimini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu aholi va tadbirkorlar uchun katta qulayliklar yaratayotgan bo‘lsa-da, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashni yanada kuchaytirishni ham taqozo etmoqda.
- Bank kartalari, mobil ilovalar va elektron platformalar orqali sodir etilayotgan kiberfiribgarlik holatlari fuqarolarning moliyaviy xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda, - dedi A.Salomov. - Shu bois huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bu turdagi jinoyatlarni barvaqt aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda. Axborot texnologiyalar sohasidagi jinoyat va huquqbuzarliklar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni sodir etish usuli va turlari, jabrlanuvchilarning ish joyi bo‘yicha viktimologik tahlil qilinganda, jinoyatlarning “APK” zararli viruslari, “Soxta qo‘ng‘iroqlar”, “onlayn savdo”, “soxta treyding” usullari orqali sodir etilayotganligi ma’lum bo‘lmoqda.

O‘tgan davr mobaynida AT sohasida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha aholini kibertahdidlardan ogohlantirish yuzasidan qariyb 5 ming marotaba targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazildi. Shuningdek, kiberjinoyatlardan himoyalanish usullarini tushuntiruvchi 1 ming 280 ta videomaterial, 426 ming 869 ta tarqatma material va flayerlar, 921 ta bannerlar tayyorlandi hamda OAV orqali chiqishlar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, aholini kiberjinoyatlardan himoyalash maqsadida viloyatdagi 370 mingdan ortiq aholining telefon qurilmalariga “APK qo‘riqchi” mobil ilovasi o‘rnatilib, zararli dasturlar orqali jabrlanishlarning oldi olinmoqda.

Matbuot anjumanda viloyatda kiberjinoyatlarning oldini olish hamda aholining huquqiy madaniyatini, jumladan, kiberxavfsizlik borasidagi bilim va tushunchasini oshirish maqsadida ichki ishlar xodimlari, OAV vakillari hamda blogerlar hamkorligini yanada mustahkamlash lozimligi, bu borada ijtimoiy roliklarni yanada ko‘paytirish va barcha kontentlarda tarqatish zarurligi ta’kidlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri