Germaniya taraqqiyot banki – KfW mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shish bilan birga sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilishga ham yordam berib kelmoqda.
Bank ko‘magida yurtimizdagi sog‘liqni saqlash muassasalari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, sohani raqamlashtirish, tibbiyot xodimlari malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ham qariyb o‘n yildan buyon KfW dasturlarida qatnashib kelmoqda. Bu hamkorlik ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat samaradoriligini yanada oshirish, markazni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash, malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan.

Kecha KfWning Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha departamenti direktori Veronika Garsiya, bankning Markaziy Osiyo ofisi direktori Andrias Shenayder mazkur muassasada bo‘lib, markaz faoliyati bilan tanishdi.
– Germaniya taraqqiyot banki mablag‘lari hisobiga 2014-2023 yillarda markazimizga yuzdan ziyod zamonaviy tibbiy uskunalar olindi, – deydi Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori Mamatqul Qurbonov. – Mehmonlar ushbu jihozlardan foydalanish holati va buning samarasi bilan qiziqdi. Bemorlarda o‘tkazilayotgan murakkab turdagi zamonaviy tekshirish va davolash usullari bilan tanishdi. Tegishli dastur asosida dastlab berilgan diagnostik va laboratoriya uskunalarni yangilash zararligi ta’kidlandi. Shuningdek, jarrohlik bloki uchun yangi jihozlar berilishi aytildi.
Ta’kidlash lozim, Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi nafaqat ushbu viloyat, balki unga qo‘shni hududlar aholisiga ham yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, shu kunlarda markazda Sirdaryo viloyatidagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning 56 nafar yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolada murakkab jarrohlik amaliyoti bajarilmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA