Joriy yilning iyun oyida Xitoy Xalq Respublikasining Hebei provinsiyasi xalqaro ishlar bo‘yicha markaziy direktori janob Fan Sheling hamda “Jinsangqi Xolding Group” kompaniyasi direktori janob Xiao Jinqilar Sirdaryo viloyatining Guliston davlat universitetiga rasmiy tashrif buyurishdi.
Tashrif doirasida mehmonlar universitetning ta’lim jarayonlari, moddiy-texnik bazasi va talabalar hayoti bilan yaqindan tanishdilar.
Mehmonlarni universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Fazliddin Sharifov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Guljahon Norimova kutib olishdi. Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, onlayn va oflayn kurslar tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Suhbat samimiy va amaliy ruhda o‘tdi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari universitet kutubxonasi, kulolchilik markazi va boshqa ta’lim-ilmiy inshootlar faoliyati bilan tanishib, ularda yaratilgan shart-sharoitlarga yuqori baho berdilar. Mehmonlar ayniqsa universitetdagi ijodiy muhit, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan sharoitlar va ilmiy faoliyatga katta qiziqish bildirishdi.

— Ushbu tashrif universitetimiz va Hebel provinsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun muhim poydevor yaratadi. Shu bilan birga, talabalar va o‘qituvchilar uchun xalqaro maydonda tajriba almashish imkoniyatini ochadi, — dedi Guliston davlat universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Guljahon Norimova.

Tashrif yakunida delegatsiya vakillari ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq takliflar bildirishib, keyingi bosqichda memorandum imzolash yuzasidan muzokaralar o‘tkazishga kelishib olishdi.
Ushbu uchrashuv Guliston davlat universitetining xalqaro aloqalarini kengaytirish, nufuzli xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri