Kengash raisi yoshlar holidan xabar oldi
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor o‘tkazildi. Unda davlatimiz rahbari yoshlar bandligini ta’minlash, sifatli ta’lim bilan qamrab olish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ehtiyojmand oilalar farzandlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom fikrlashlariga zamin yaratishga doir mutasaddilarga qator vazifalarni belgilab berdi.
Shu nuqtai nazardan, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Buxoro viloyati kengashi rahbari Xurshid Boltayev G‘ijduvon tumanida bo‘lib, qiyin sharoitda yashayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan yoshlar holidan xabar oldi.

Jumladan, “Gajdumak” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchilar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, 1992 yilda tug‘ilgan Farrux Majidov, 2004 yilda tug‘ilgan Sardorbek Naimov, xuddi shunday, 2008 yilda tug‘ilgan Diyorbek Abduroziqov, 1999 yilda tavallud topgan Sarvinoz Rajabova, shuningdek, “G‘ishti” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan, nogironligi bo‘lgan Akmal Yandashov, “Obod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan Rustam Xolmurodov, “Mirakon” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan, 1999 yilda tug‘ilgan Nafisa Xayrullayevaning oilaviy yashash ahvoli, turmush tarzi atroflicha o‘rganildi.

Barchasi nogironligi bo‘lgan, ruhiy va jismoniy imkoniyatlari cheklangan bu yoshlarga avvalo tibbiy davolanishlari uchun zarur birlamchi dori-darmon vositalari yetkazildi. Moddiy yordam ham berildi.

Ma’lumot uchun, ayni kunda 2 milliondan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlaridagi 14-30 yoshdagi yigit-qizlarning 270 ming 254 nafari “yaxshi”, 202 ming 319 nafari “o‘rta”, 14 ming 140 nafari “og‘ir” toifalarga ajratilgan.
Zarif Komilov, O‘zA