Kembrij xalqaro ta’lim dasturi eksperti Stiv King xizmat safari bilan Qoraqalpog‘istonda bo‘ldi. Ta’kidlash joizki “Cambridge University Press and Assessment” – jahondagi eng yirik nashriyot va ta’lim tizimlarini yaratishga ixtisoslashgan tashkilotlardan biri bo‘lib, u butun dunyo bo‘ylab ilmiy va ta’limga oid nashrlar, ta’lim dasturlari, imtihonlar va baholash tizimini ishlab chiqadi.
Prezidentimiz raisligida 2024 yil 5 fevral kuni ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ayrim fanlar hamda xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash vazifasi ilgari surilgan edi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Kembrij xalqaro ta’lim dasturi eksperti Stiv King hamda ommaviy axborot vositalari ishtirokida Nukus shahridagi bir qator ta’lim muassasalariga media-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Nukus shahrida yakka tartibdagi tadbirkor M.Shimbergenov tomonidan tashkil etilgan “Kardar asademy school” nodavlat xususiy maktabiga tashrif buyurdi. Bu yerda o‘quvchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi. Stiv King maktab o‘quvchilari bilan ingliz tilida suhbatlashdi. Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari tomonidan berilgan savollarga javob berildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2024 yil 4 sentyabrdan boshlab xalqaro Kembrij maktabi etib tashkil qilindi. Bugungi kunda ushbu bilim dargohida 1 ta maktabga tayyorlov, 16 ta boshlang‘ich, 8 ta yuqori sinfda jami 400 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ularga 42 nafar pedagog ta’lim bermoqda. Maktabda darsdan tashqari qo‘shimcha raqs, shaxmat, gimnastika, mental arifmetika, informatika, xitoy tili fan to‘garaklari faoliyat yuritmoqda.
2024 yilning 12 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayevning Kembrij xalqaro ta’lim dasturi eksperti Stiv King bilan uchrashuvida mamlakatimizda ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida Kembrij xalqaro o‘quv dasturi asosida o‘qitish tizimi joriy etiladigan sinflarni ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Kojabayeva boshchiligidagi delegatsiya Angliyada xizmat safarida bo‘lib, ikki tomonlama Kembrij o‘quv dasturi memorandumi imzolandi.
O‘tgan yil dekabr oyida Nukus shahridagi 46-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan umumta’lim maktabida Kembrij o‘quv dasturi asosida o‘qitish tizimi joriy etilgan sinflar ochildi. Kirish imtihonlaridan 40 nafar o‘quvchi muvaffaqiyatli o‘tib, dastlabki darslar boshlangan edi.
Mehmon Kembrij sinflarida o‘quvchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi va ingliz tilida suhbatlashdi. Suhbat davomida ingliz tilida eng yaxshi so‘zlashuvchi 2 nafar o‘quvchiga planshet sovg‘a qilindi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Kojabayevaning ta’kidlashicha, Kembrij o‘quv dasturi asosida o‘qitish tizimi joriy etiladigan sinflarni boshqa maktablarda ham tashkil etish rejalashtirilgan.
Tadbir ishtirokchilari Nukus shahridagi Prezident maktabida yaratilgan qulayliklar va o‘qituvchilarning dars o‘tish uslublari bilan tanishib, o‘z takliflarini bildirdi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari maktabda iqtidorli o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va o‘qituvchilarning interaktiv tarzda, zamonaviy metodikalardan foydalangan holda o‘tayotgan dars jarayonlari bilan tanishdi.
Prezident maktabida Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlaridan qabul qilingan 5-11-sinf o‘quvchilari yotoqxona bilan ta’minlangan holda, 5 kun davomida o‘qiydi. Maktab o‘quvchilari 5 mahal issiq ovqat, darsliklar va kiyim-kechaklar bilan bepul ta’minlangan.
O‘qish STEM yo‘nalishida Kembrij va mahalliy o‘quv dasturi asosida qoraqalpoq va ingliz tillarida olib boriladi. 2020 yil 30 dekabrda Prezident maktablari Cambridge Assessment International Education tashkiloti akkreditatsiyasidan o‘tdi va Cambridge International School (Cambridge xalqaro maktabi) maqomiga ega bo‘ldi. Bu o‘quvchilarga AS-level, A-level imtihonlarini maktabning o‘zida topshirib, STEM fanlari bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lish va dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlarining grantini yutib olish imkonini beradi.
Tashrif yakunida Stiv King mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni va yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA