Kelishuvning kuchi – amaliy natijada
– Ochig‘ini aytsam, Afg‘onistonga ko‘plab mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistondan ham turli delegatsiyalar kelib hamkorlik shartnomalari imzolamoqda. Ammo kelishuvlarning kuchi – amaliy natijada, – deydi Afg‘onistoning “Kam Air” aviakompaniyasi raisi Zamaray Kamgar. – Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Qobul va Mozori Sharifga tashrifi esa darhol natijasini ko‘rsatdi. Har ikki shaharda “Farg‘ona savdo uyi” ochildi. Shuning uchun ham men bugun bu yerdaman.
“Kam Air” 2003-yilda tashkil topgan va Afg‘onistondagi birinchi xususiy aviakompaniyadir. Uning parki asosan “Airbus A340” va “Boeing” rusumli samolyotlardan tashkil topgan. “Kam Air” mamlakat ichki va xalqaro yo‘nalishlarida qatnaydi. Shu yil iyul oyidan boshlab esa “Kam Air” samolyoti “Toshkent – Qobul” yo‘nalishida haftasiga uch martadan qatnamoqda.

Darvoqe, shu yil 26-27-iyul kunlari Farg‘ona viloyati tadbirkorlarining Afg‘onistonga safari ham aynan shu kompaniya samolyotlarida amalga oshirilgan edi.
Bu gal Farg‘onaga “Spinzar Kunduz” davlat korporatsiyasi rahbari Abdul Xafiz Faryod ham tashrif buyurdi.
Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan bo‘lgan uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama manfaatli loyihalar muhokama etildi va ularning ijrosi yuzasidan aniq rejalar tuzib olindi.
– Biz tadbirkorlar ishlab chiqargan va bog‘bonlar yetishtirgan mahsulotlarni Farg‘ona shahridan Afg‘onistonga samolyotda yetkazish imkoniyatini taklif etdik, – deydi Zamaray Kamgar. – Rejamiz amalga oshishiga ishonaman.
Muhammadjon Obidov, O‘zA