Kelgusi yilda Toshkent xalqaro moliya markazi ishga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.
Iqtisodiyot o‘sishiga katta turtki beradigan yirik loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Olmaliqda to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” zamonaviy avtomobil yo‘llari shular jumlasidan.
Xorazmda ekologik aviayoqilg‘i majmuasi, Surxondaryoda 940 gektarlik zamonaviy issiqxona, Yuqori Chirchiqda Yangi Toshkent aeroporti qurilmoqda. Bu yil qiymati 27 milliard dollar bo‘lgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasi boshlanadi.
Barcha hududlarda jami 3 million aholi uchun yangi massivlar barpo etilmoqda. Bunday loyihalarda o‘z mahsuloti va xizmati bilan ishtirok etmoqchi bo‘lgan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investorlar bilan teng sharoit yaratiladi.
Transport-logistika sohasida yuk mashinalarini import qilishda boj va utilizatsiya yig‘imi bekor qilindi. Xalqaro tashuvlar uchun vagon taqdim etishda qo‘shilgan qiymat solig‘i “nol” stavkaga tushiriladi.
Kelasi yil Gruziyaning Poti portida quvvati 500 ming tonna bo‘lgan logistika markazi ishga tushiriladi, Anakliya porti bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlanadi. Olot, Termiz, Yangiyo‘l, Ohangaron va Xonobodda yirik transport-logistika markazlari tashkil etiladi.
Kelgusi yilda Toshkent xalqaro moliya markazi hamda “Enterprise Uzbekistan” xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ishga tushiriladi. Ular 20-25 milliard dollar kapital, yangi bilim va texnologiyalarni jalb etish imkonini yaratadi.
O‘zA