Kelgusi rejalar yo‘lida foydali dastur
Xiva shahrida Madaniy meros haftaligi doirasida "Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro madaniy forumi va bir qator tadbirlar tashkil etildi.
Xiva shahrining Nurillaboy majmuida o‘tkazilgan tadbir arxeologiyaga oid topilmalar va qo‘lyozmalarga bag‘ishlandi. Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi tarix ilmiy bo‘limi mudiri O‘ktamali Ravshanov quyidagilarni gapirib berdi.
- Muzey-qo‘riqxonamiz 1922 yilda o‘z faoliyatini boshlagan, - dedi u. - Uning dastlabki kolleksiyasi 5 ta xonada, jami 168 ta eksponat namoyish etilgan edi. Buxoro muzeyi o‘zining 100 yillik tarixi mobaynida rivojlanib, shakllanib bordi. Hozirda muzey-qo‘riqxona tarkibida 16 ta alohida muzey va 2 ta doimiy ekspozitsiya faoliyat olib bormoqda. Yaqin yillar ichida muzeylarimiz soni 20 tadan ziyod bo‘lishi rejalashtirilgan. Muzey jamlanmasida bugungi kunda 134 mingdan ortiq artefaktlar saqlanmoqda.
5 yildan buyon an’anaviy davom etib kelayotgan Madaniy meros haftaligi dastavval yangi kitoblar taqdimotidan boshlandi. Keyin esa alohida seksiyalar bo‘yicha ma’ruzalar tashkil etildi. Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Bu nufuzli tadbir biz uchun kelgusi rejalarimiz yo‘lidagi foydali dastur, desam adashmagan bo‘laman.
Eslatib o‘tamiz, Madaniy meros haftaligi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, YUNESKO, Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, «Eriell Group» neft servis kompaniyasi ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA