Kelasi yildan xalqaro kasb sertifikatiga ega ustaga 50 foiz ustama to‘lanib, sertifikat xarajati to‘liq qoplanadi
Prezidentimiz kasbiy ta’limga to‘xtalar ekan, “Hunar – hunardan rizqing unar”, degan naqlni keltirdi. So‘nggi ikki yilda 104 ta texnikumga Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Xitoyning xalqaro dasturlari olib kirildi. 25 ming korxona bilan hamkorlik natijasida 100 mingdan ziyod yosh o‘qish barobarida daromad topish imkoniga ega bo‘ldi.
Shu yildan dual ta’limda kasb o‘rganayotgan yoshlarga 1 million 300 ming so‘mgacha stipendiya to‘lanmoqda. Bu yil 9-sinfni bitirgan 220 ming o‘quvchi texnikumga jalb qilindi.
Xalqaro dasturlar bosqichma-bosqich barcha texnikumlarga joriy etiladi. Buning uchun ustalarni tayyorlash va rag‘batlantirish ham kuchaytiriladi: kelasi yildan xalqaro kasb sertifikatiga ega ustaga 50 foiz ustama to‘lanib, sertifikat xarajati to‘liq qoplanadi.
Har yili 500 nafar texnikum ustasi Germaniya, Shveysariya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlarda stajirovka o‘taydi.
O‘zA