Kelasi yildan boshlab shifoxona va poliklinikalar ishiga aholining o‘zi baho beradigan tizim yaratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvi davom etmoqda.
Kelasi yildan 26 ta ixtisoslashgan markaz direktori bilan bir yillik kontrakt asosida ishlashga o‘tiladi. Har bir direktor sohaga yangilik kiritish, quyi bo‘g‘in xodimlari malakasini oshirish va ilmni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha aniq majburiyat oladi.
Nufuzli xorijiy universitet klinikalaridan mutaxassislar jalb qilinib, markazlardagi kamchiliklar ko‘rsatiladi va direktorlarning vazifalari aniq belgilanadi. Direktorlar yil yakunida jamoatchilik oldida hisobot beradi. Ish natijasiga qarab kontrakt uzaytiriladi.
Prezidentimiz respublika, viloyat va tumandagi har bir shifoxona hamda poliklinika faoliyatiga aholining o‘zi baho beradigan mexanizmlarni kelasi yildan joriy etish vazifasini qo‘ydi.
Har bir shifokor va hamshiraning oyligi KPIga bog‘lanishi, bunda aholining tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi asosiy mezon bo‘lishi qayd etildi.
O‘zA