Barqaror rivojlanish va “yashil” iqtisodiyot masalalari ekologlar yoki mutaxassislarninggina emas, balki butun jamiyat e’tiborida. Qishloq xo‘jaligi — bu nafaqat oziq-ovqat xavfsizligining asosi, balki tabiat bilan hamohang taraqqiyot poydevoridir.
Shu ma’noda, BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “EU-AGRIN” loyihasi O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tishda muhim rol o‘ynayotgan tashabbuslardan biridir.
“EU-AGRIN” loyihasining milliy koordinatori Ulug‘bek ISLOMOV bilan amaliy yutuqlar, innovatsion yondashuvlar, fermerlar va olimlar o‘rtasidagi hamkorlik, “yashil” iqtisodiyotning yurtimiz kelajagi uchun ahamiyati haqida suhbatlashdik.
— Ulug‘bek aka, avvalambor, vaqt ajratganingiz uchun minnatdormiz. Suhbatimizni “EU- AGRIN” loyihasining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida “yashil” iqtisodiyotga o‘tishdagi ta’siri haqida boshlasak.
— Loyiha nafaqat fermerlar, balki butun jamiyat uchun manfaatli o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda, — deydi Ulug‘bek Islomov. — Zero, barqaror qishloq xo‘jaligi — bu sog‘lom tuproq, toza suv, mo‘l hosil va farovon kelajak demakdir. Shu bois ham O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni o‘z milliy siyosatining barcha jabhasiga integratsiyalash choralarini ko‘rmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2019 — 2030 yillar davrida mo‘ljallangan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasida iqlim o‘zgarishlari masalasini hisobga olgan holda tasdiqlanishi ana shunday qadamlardan bo‘ldi.
“EU-AGRIN” loyihasi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sohalarida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, xizmat ko‘rsatish tizimlarini yo‘lga qo‘yish va mahalliy bilim hamda salohiyatni safarbar etish orqali muhim o‘zgarishlarga turtki bermoqda. Shuningdek, loyiha doirasida innovatsion g‘oyalar amaliyotga tatbiq etilib, iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha agrar soha vakillarining resurslardan barqaror foydalanishiga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Kichik ishlab chiqaruvchilar uchun davlat-xususiy sheriklikning inklyuziv modellari ishlab chiqilmoqda, “yashil” investitsiyalar uchun qulay muhit shakllantirilmoqda.
Loyiha issiqxona gazlari emissiyasi past bo‘lgan qishloq-oziq-ovqat tizimlariga o‘tishni rag‘batlantiradi va bu jarayonda quyidagi holatlarga e’tibor qaratadi:
• qishloq xo‘jaligi sektorida suv va energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishni rag‘batlantirish tizimini yaratish;
• ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirining barcha bosqichida qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish;
• qishloq xo‘jaligi chiqindilarini boshqarish usullarini takomillashtirish;
• biomassa ishlab chiqarish uchun normativ-huquqiy bazani va qulay shart-sharoitlarni mustahkamlash;
• yaylovlarni oqilona boshqarish hisobiga tuproqdagi uglerod emissiyasi hajmini kamaytirish.
— Loyiha mahalliy fermerlar, mutaxassislar, olimlar va aholi turmush tarziga qanday ta’sir qilmoqda?
— Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektoriga yo‘naltirilgan investitsiyalar bilimlarni oshirishi va innovatsiyalarni rag‘batlantirishi mumkin. O‘zbekistonda fermerlar va agrosanoat korxonalari duch keladigan ko‘plab muammolarni hal qilish imkonini beruvchi katta hajmdagi bilimlar to‘plangan. Biroq hozirda bu bilimlar negadir amaliyotda keng qo‘llanilmaydi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning ehtiyojlari va manfaatlari bilan olimlar olib borayotgan tadqiqotlar o‘rtasida tafovut mavjud. Bundan tashqari, ushbu bilim va tajribalardan samarali foydalanish, tajriba almashish yoki izchil hamkorlik mexanizmlari mavjud emas. Shunga mos ravishda qishloq xo‘jaligida ta’lim va kadrlar tayyorlash dasturlari xususiy sektorning real ehtiyojlari va ustuvorliklaridan chetda qolmoqda.

Yuqorida qayd etilgan muammolarni hal qilishda esa инноvaциялар juda muhim va ular qishloq xo‘jaligi taraqqiyotida yangi bosqich hisoblanadi. Shu bois olimlar va fermerlar o‘rtasida innovatsion hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekistonning tuproq, iqlim va suv resurslariturlicha bo‘lgan uchta viloyatni qamrab olgan 18 ta innovatsion guruh tashkil etildi. Zero, bu innovatsion guruhlar — fermerlar, olimlar, tadbirkorlar va davlat organlari o‘rtasida amaliy hamkorlik ko‘prigini yaratishga xizmat qiladi. Ayni vaqtda ular ko‘magida paxtachilik, g‘allachilik, baliqchilik, meva-sabzavotchilik sohalarida ilg‘or yondashuvlar, tuproq unumdorligini oshirish va suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish borasida yutuqlarga erishilmoqda.
Innovatsion guruhlar fan, ta’lim, innovatsiya va amaliyot integratsiyasini ta’minlaydi. Bunday yondashuv ichki imkoniyatlar va zaxiralardan to‘liq foydalanish imkonini beradi, bu esa o‘z navbatida barcha ishtirokchilarga foydali ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, olimlar va tadqiqotchilarga o‘z ishlanmalarini amaliyotga tez tatbiq etishda ko‘mak berishi orqali o‘z mahsulotlarini tijoratlashtirishga yordam beradi va bu o‘z navbatida fan va tadqiqotlarni rag‘batlantiradi. Kimyoviy moddalar, o‘g‘itlar, energiya va suv resurslarini tejash hisobiga hosildorlik va mahsulot sifati oshishi, tannarxning kamayishi esa fermerlar va aholi uchun foydali. Olingan natijalar ushbu yondashuv keng qo‘llanilishi orqali mamlakat uchun muhim bo‘lgan agro-oziq-ovqat tarmog‘ining barqaror rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shishi haqida umid uyg‘otmoqda.
—O‘tgan yillar davomida qanday yutuqlarga erishildi? misollar keltirib o‘tsangiz?
–Ha, biz innovatsion loyihalar orqali yashil iqtisodiyot va barqaror taraqqiyotga erishishni mo‘ljallaganmiz! Joriy yilda amalga oshirilgan 18 ta innovatsion loyiha haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bunda 4 ming 800 nafardan ko‘proq aholi manfaat ko‘rdi. 380 nafar xotin-qizlar o‘quv kurslarida bilim va tajribasini oshirdi. Natijada quyosh energiyasidan foydalanib, baliq yetishtirish, yerlarni unumdorligini oshiruvchi siderat ekinlari ekish, in-vitro usulida pista, tok va turli mevali daraxt ko‘chatlari yetishtirish ommalashmoqda.
Birgina Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida 5 ta oilaga sutni qayta ishlashda qo‘l keladigan zamonaviy texnologiyalar yetkazib berildi. Ilgari shaharga sut sotgan bu xo‘jaliklar hozirda kefir, qaymoq va pishloq kabi o‘n turdagi sut mahsulotlari tayyorlab, bog‘chalar va savdo do‘konlariga yetkazib bermoqda. Qayta ishlash hajmi 20 litrdan 400 litrgacha oshdi.
Farg‘ona viloyatida esa suv tanqisligiga chidamli va tez o‘sib, yaxshi hosil beradigan yangi paxta navlari joriy etildi. Bu bilan hosildorlik 25% ga oshdi. Suv sarfi 35% ga qisqarib, hosil yo‘qotish 25% ga kamaydi. Qashqadaryo viloyatida qurg‘oqchilikka bardoshli qattiq bug‘doyning yangi navlari yaratilib, amaliyotga joriy etildi. Ayniqsa, qattiq bug‘doy unidan makaron mahsulotlari ishlab chiqarish boshlangani mahalliy aholiga har jihatdan manzur bo‘lmoqda.
— Yashil iqtisodiyot nima uchun kelajakda muhim deb hisoblanadi?
— Suhbatimiz boshida ta’kidlaganimizdek, O‘zbekiston 2030 yilga mo‘ljallangan strategiyada iqtisodiy o‘sish barqarorligini ta’minlash, resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va atrof-muhitga zararli ta’sirlarni kamaytirishga ustuvor e’tibor bermoqda. Tabiiy resurslardan samarali va mas’uliyatli foydalanish orqali barqaror o‘sishga erishishni maqsad qilgan “yashil o‘sish” konsepsiyasi mamlakat iqtisodiy siyosatining ajralmas qismiga aylandi. Bugun O‘zbekiston bu yo‘nalishda izchil rivojlanmoqda.
Nima uchun bizga “yashil” iqtisodiyot kerak? "Yashil" iqtisodiyot — bu tabiatga ziyon yetkazmasdan rivojlanish yo‘li bo‘lib, tabiiy kapital, ekotizim va biologik xilma-xillikni saqlagan holda, daromadlar o‘sishi va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun zarur. Bu konsepsiya barqaror rivojlanish g‘oyasining bir qismi bo‘lib, uning qator afzalliklari mavjud. Ya’ni bu taraqqiyot yo‘li aholining hozirgi ehtiyojlarini ta’minlash bilan bir vaqtda kelajak avlodning imkoniyatlariga ham xalaqit bermaydi. Barqaror rivojlanish uchta asosiy ustunga tayanadi: iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy adolat va ekologik muvozanat. Shu bois, “yashil” iqtisodiyot — bu faqat atrof-muhit emas, balki inson, jamiyat va kelajak uchun mas’uliyat demakdir.
Iqtisodiy o‘sish ko‘pincha tabiiy resurslardan ortiqcha foydalanish, atrof-muhitning ifloslanishi va biologik xilma-xillikning kamayishiga olib keladi. Bu holat dunyo hamjamiyatini yangi, barqaror rivojlanish modellarini qidirishga undadi. Shu bois, bugungi kunda ko‘pgina davlatlar “yashil” iqtisodiyotga o‘tish orqali iqtisodiy o‘sish bilan birga ekologik barqarorlikni ham ta’minlashga intilmoqda.
O‘zbekiston ham ana shunday yuksak maqsadlarni oldiga qo‘ygan. Mamlakat barqaror rivojlanish tamoyillarini iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik siyosatga integratsiyalash orqali har tomonlama rivojlanishga izchil intilmoqda. Bu jarayonda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish, atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish kabi yo‘nalishlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashi va buning uchun aholining “yashil” rivojlanish masalalari bo‘yicha xabardorligini oshirish juda muhim. Afsuski, jamiyat hali ham “yashil” iqtisodiyot iborasining mohiyatini turlicha tushunadi. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, “yashil” iqtisodiyot hozirda tugab borayotgan neft, gaz kabi resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishga, tabiiy resurslardan, ayniqsa, cheklangan suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan.
Bunday iqtisodiyotning asosi toza yoki "yashil" texnologiyalar hisoblanadi. “Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish mamlakatning ekologik xavfsizligini ta’minlaydi, bu esa aholi salomatligi va farovonligini saqlash hamda atrof-muhitni muhofaza qilish uchun muhim ahamiyatga ega.
— Kelgusida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish yo‘nalishida yana qanday loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda?
— Biz kelgusi rejalar tuzishda yashil transformatsiya — qishloq xo‘jaligida barqaror kelajak sari ishonchli qadam ekanini unutmagan holda harakat qilyapmiz. Hozirgacha erishilgan yutuqlarni yanada kengaytirish uchun qo‘shimcha sarmoya jalb qilish ishlari jadal sur’atda davom etmoqda. Quvonarlisi, loyihaning milliy hamkori — O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘z salohiyatini nafaqat mavjud hududlarda, balki qo‘shimcha sohalarda ham kengaytirish, xususan, qishloq xo‘jaligining boshqa sohalarida ham BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida.
BMTTD esa o‘z navbatida Qishloq xo‘jaligi vazirligining oziq-ovqat xavfsizligini oshirish, yashil texnologiyalarni joriy etish, innovatsion yechimlar va hamkorlikni kengaytirish borasidagi harakatlarini faol qo‘llab-quvvatlaydi. Bu kabi tashabbuslar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida barqaror, inklyuziv va ekologiyaga mos yondashuvlarni shakllantirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Barqaror rivojlanish va “yashil” iqtisodiyot O‘zbekiston uchun nafaqat ekologik xavflarni kamaytirish vositasi, balki yangi texnologiyalar, yangi ish o‘rinlari va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash imkoni hamdir. Bu yo‘ldagi har bir qadam kelajak avlodlarga sog‘lom, obod va barqaror muhit qoldirishga xizmat qiladi.
Albatta, O‘zbekistonda bu sohadagi sa’y-harakatlar ortib, "yashil" islohotlar faqat tabiatni asrash bilan cheklanmay, iqtisodiy taraqqiyot va jamiyat farovonligiga ham xizmat qilmoqda. Barqaror rivojlanish — faqatgina vazifa emas, balki umumiy maqsad va kelajakka yo‘naltirilgan ezgu sa’y-harakatdir.
Barqaror rivojlanish — tabiat va taraqqiyot, inson va yer o‘rtasidagi muvozanat ramzidir. O‘zbekiston bu yo‘lni tanlar ekan, har bir islohoti go‘yo kurtak ochayotgan gulu daraxtday hayotga umid va kelajakka ishonchni aks ettirmoqda.
Tabiatni asragan millat o‘z kelajagini asraydi. “Yashil” iqtisodiyot sari qo‘yilgan har bir qadam bugun emas, balki kelajak avlodlar uchun ham mustahkam poydevor bo‘lishi, shubhasiz.
Sayyora SHOEVA suhbatlashdi.