Prezidentimiz 2024 yil 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan muhim videoselektor yig‘ilishida muhandislik va texnika sohasi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarini tahlil qilar ekan, infratuzilma yetishmovchiligi, sanoat bilan ilm-fan o‘rtasidagi uzilish, malakali kadrlar tayyorlashdagi muvofiqlik yo‘qligini keskin tanqid qildi. Bu tanqidlar zaminida amaliy yechimlar, topshiriqlar, muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Natijada, har bir hududda texnika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini optimallashtirish, birlashtirish va ularni kuchli, markazlashtirilgan ilm-fan maskanlariga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Buxoro viloyatida esa bunday strategik ta’lim markazi – Buxoro davlat texnika universiteti bo‘ldi.
Hozirda universitet nafaqat texnik bilimlarni beruvchi, balki ekologik barqarorlik, ijtimoiy tenglik, zamonaviy energiya yechimlari, gender tenglik va raqamli transformatsiyani ilgari suruvchi ilg‘or maskan sifatida shakllanmoqda.

– Buxoro davlat texnika universiteti bu yo‘nalishda jiddiy qadamlar qo‘ydi, – deydi Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova. “Xotin-qizlar, yoshlar uchun IT va muhandislik inklyuziv ta’lim markazi” tashkil etilib, kelgusida ko‘plab yoshlar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar bilim olishga jalb qilinishi rejalashtirilmoqda.

Universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi tashkil qilindi. Bu faqat nazariy ta’lim emas, balki real ishlab chiqarish muhitiga moslashtirilgan, amaliyoti kuchli muhandislarni yetishtirish uchun yaratilgan maxsus modeldir. Uning tarkibida “Raqamli tadqiqotlar”, “Ilmiy-tadqiqot”, “Neft va gaz ishi” hamda “Neft va gaz kimyosi va texnologiyasi” laboratoriyalari faoliyat boshladi. Ular zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanib, ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘langan loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini bermoqda. Sanoat hamkori “O‘zbekneftgaz” AJ bilan zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash ishlari bo‘yicha kelishilgan. “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” tomonidan o‘quv-seminar xonasi to‘liq ta’mirlanib, amaliy mashg‘ulotlar uchun sharoit yaratildi.

Bugungi kunga kelib, universitetda 18 000 dan ortiq talaba, 500 nafarga yaqin magistr, doktorant va qo‘shma ta’lim talabalari tahsil olmoqda. Ilmiy salohiyat esa 54 foizni tashkil etib, 2025 yil oxiriga qadar 60 foizga, keyingi yillarda esa 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 2025 yilning o‘zida 6 ta fan doktori va 47 nafar falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini himoya qilgan.

2025 yilda universitetni 3 343 nafar talaba bitirgan bo‘lib, ularning 94,5 foizi o‘z sohasi bo‘yicha ish bilan ta’minlangan. Bu faqat diplom emas, balki haqiqiy imkoniyat berayotgan ta’lim tizimining isboti. “Karera kunlari”, hokimliklar bilan ochiq suhbatlar, sanoat korxonalarida amaliyotlar va individual yondashuvlar orqali talabalar ishlab chiqarish ob’ektlariga jalb qilinmoqda. 207 nafar professor-o‘qituvchilar xorijiy va mahalliy tashkilotlarda ilmiy stajirovkalarga yuborildi.

Texnika taraqqiyoti har doim jamiyat taraqqiyotining asosi bo‘lib kelgan. Buxoro davlat texnika universiteti esa texnologik rivojlanishning tayanch nuqtasiga aylanmoqda. Hozirgi bosqichda universitet tomonidan Xalqaro grantlar va investitsiyalar jalb qilish, Dual ta’lim tizimini joriy qilish, Sanoat korxonalari bilan o‘zaro integratsiya, Zamonaviy o‘quv metodologiyalarini kiritish, Innovatsion startaplar uchun maxsus platformalar yaratish yo‘nalishlarida keng islohotlar olib borilmoqda.
Buxoro davlat texnika universiteti bugun nafaqat Buxoro viloyatining, balki butun mamlakatning innovatsion muhandislik markaziga aylanmoqda. Har bir laboratoriya, har bir ilmiy loyiha, har bir bitiruvchi bu, O‘zbekiston kelajagiga qo‘shilayotgan ulkan hissadir.
Bugun Buxorodan yongan ilm-fan mash’ali, ertaga butun mamlakatni texnologik yuksalish sari boshlaydi. Zero, har bir jamiyatning kelajagi yoshlarning bilimida, kuchida va uning ilmiy salohiyatidadir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.