«Kelajak liderlari» uchinchi renessans poydevorini yaratadi
Har qanday jamiyat liderlarga ehtiyoj sezadi. Tashabbuskorlik, fidoyilik, yangi g‘oyalar, uzoqni ko‘ra olish qobiliyati, ilmiy-ijodiy mahorat, kasbiy kompetensiya, eng muhimi, bu sifatlarni o‘zida mujassam eta olish, bu – katta yutuq. Bu yutuq shaxs uchun ham, jamiyat uchun ham, davlat uchun ham muhim.
Hayotimiz davomida liderlarga havas qildik, liderlikka intildik, liderlar orasida ham bo‘ldik. O‘zimiz haqiqiy ma’nodagi lider bo‘lish yo‘llarini qidirdik, qay darajada unga erishdik yoki erishmadik, bu yo‘lni qaysi joyidamiz, qaysi bo‘g‘inidamiz buni aniq bilmaymiz. Ammo shuni aytishimiz mumkinki, biz bugungi qadamimizgacha «Kelajak liderlari» safidan joy oldik.
Ma’lumki, Respublikamizda tashabbuskor yosh kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash va ularda liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida «Kelajak liderlari» klubi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu klub faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi. Qariyb besh oy davomida ushbu jamoa a’zosi sifatida faoliyat yurityapmiz. Bu jamoada qarashlar o‘zgacha, yo‘llar boshqacha, maqsadlar yuqori, marra sari intilishlar ajoyib.
Ushbu jamoa faqat va faqat liderlardan tashkil topgan. Ular bilan bahslashish qiziq: fikrga qarshi turli fikrlar, xilma-xil g‘oyalar, qarashlar, tendensiyalar bor. Liderlar jamoasini boshqarish ham oson emas, buning uchun kuchli bilim, tajriba va donolik kerak. Tahlil kerak, to‘g‘ri xulosaga yetaklaydigan tahlil zarur.
«Kelajak liderlari» jamoasi bugun uchun ayni vaqtda – Yangi O‘zbekistonda Uchinchi renessans poydevorini qo‘yayotgan paytda yaratildi. Bu jamoa a’zolari respublikamizning barcha hududlarida, eng chekka joylarida faoliyat olib borishmoqda. O‘zbekistonda Yangi avlod zaxira kadrlarini shakllantirishning zamonaviy moduli sifatida liderlar jamoasi va uning yetakchilari o‘zlarining tashabbuslarini amalga oshirish ustida katta ishlar boshlashgan.
Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va barcha viloyatlarda «Kelajak liderlari» forumlari tashkil etilmoqda. Ushbu forum davomida liderlar ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy, huquqiy va boshqa yo‘nalishlarda davlat ahamiyatiga molik takliflar, tashabbuslar, g‘oyalar bilan ishtirok etishmoqda. Ushbu forumning Respublika bosqichiga tayyorgarlik ham avjida. Shuni ishonch bilan ayta olamizki, «Kelajak liderlari» jamoasi Yangi O‘zbekistonda yangi islohotlarni amalga oshirib, Uchinchi renessans poydevorini yaratishda bir jamoa bo‘lib kamarbasta bo‘lib xizmat qilishadi.
Feruza MADRAHIMOVA,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti prorektori