Kelajak avtomobili: “Zeekr” sanoatni yangi bosqichga olib chiqmoqda
SHHT doirasida o‘tkazilayotgan “Yashil va barqaror rivojlanish” forumi davomida ishtirokchilar Ninbo shahridagi Meyshan orolida joylashgan “Zeekr Smart Factory Meishan” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Zamonaviy sanoatning eng ilg‘or namunalaridan hisoblangan, 120 gektardan ziyod hududni egallagan mazkur zavod yiliga 300 000 avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ushbu majmua dunyodagi ilk “kelajak zavodlari”dan biri sifatida to‘liq 3D raqamli texnologiya asosida loyihalashtirilgani bilan ajralib turadi.

Mehmonlar e’tiboriga havola etilgan ko‘rgazma zalida “yashil ishlab chiqarish”ga oid innovatsion yechimlar – chiqindidan issiqlik hosil qilish, yomg‘ir suvini qayta ishlash, quyosh energiyasidan foydalanish tajribasi namoyish etildi.
Korxonada sun’iy intellekt, sanoat interneti va hadsiz ma’lumotlar chuqur integratsiya qilingan. 2000 dan ko‘p raqamli uskuna orqali ishlab chiqarish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan. Natijada samaradorlik oshib, sifatni nazorat qilish, jarayonni shaffof boshqarish imkoni paydo bo‘lgan.

Ayniqsa, “Raqamli egizak” – “Digital twin” texnologiyasi va maxsus buyurtma asosida ishlab chiqarish (C2M) tizimi zamonaviy mashinasozlikda yangi bosqich, deyish mumkin. Hududda 800 voltli platforma, yuqori samarador motorlar, zamonaviy akkumulyatorlar va xavfsizlik tizimi kabi ilg‘or yechimlar ham joriy etilgan.
120 000 kvadrat metr maydonni egallagan, eng murakkab va muhim bosqich hisoblangan yig‘ish sexida esa bir yo‘la 5 xil rusumdagi mashinalartayyorlanadi. To‘liq avtomatlashtirilgan bu bo‘lim ham moslashuvchan va mukammal nazorat qilinadigan tizim asosida ishlaydi.

2025-yil “Milliy yashil zavod” maqomini olgani majmua ekologiya standartiga javob berishini tasdiqlaydi.
Xullas, ushbu zavod sanoatda raqamlashtirish, ekologik yondashuv va innovatsiyani uyg‘unlashtirish orqali yuqori samaradorlikka erishish mumkinligini yaqqol namoyon etadi. Boshqacha aytganda, “Zeekr” tajribasi kelajak sanoati haqida aniq tasavvur bera oladi.


Musulmon Ziyo, O‘zA
Ninbo, Xitoy