Kelajagimiz uchun ovoz beramiz
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida “Kelajagimiz uchun ovoz beramiz!” shiori ostida talaba yoshlarning senatorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatida doimiy asosda ishlovchi, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlarining faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi, Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi targ‘ibotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan uchrashuvda institut professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuvda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasining ahamiyati, mazmun-mohiyati haqida fikr almashildi. Xalqimizning iroda va takliflari asosida ishlab chiqilgan, mamlakatimizning yangilanayotgan konstitutsiyasi millat, yurt ravnaqiga, fuqarolar haq-huquqlari himoyasini mustahkamlashga xizmat qilishi, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadam ekanligi ta’kidlandi.
[gallery-11453]
Shuningdek, uchrashuvda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida 200 mingdan ko‘proq takliflar kelib tushganligi, mavjud 128 ta moddaga yana 27 ta yangi modda qo‘shilib, ularning soni 155 taga yetkazilganligi, Konstitutsiyaning loyihasi deyarli 65 foizga yangilanganligi alohida qayd etildi.
– Yangilanayotgan Konstitutsiyani “2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinishi ham e’tiborlidir, – deydi Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov. – Amaldagi konstitutsiyamizning 1-moddasida “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika”, deb belgilangan bo‘lsa, yangi loyihada “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” deya bayon qilinayotganligi yangilanayotgan Konstitutsiyamizning mazmunan boyiganligining bir ko‘rinishidir.
Uchrashuvda senatorlar yangilanayotgan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, kiritilgan o‘zgartirishlar, yangi modda va normalar haqida talabalarga keng tushuncha va ma’lumotlar berdi. Joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida yoshlarni faol ishtirok etishga chaqirdi.
Uchrashuvda yoshlarni qiziqtirgan savollarga senatorlar tomonidan batafsil javob qaytarildi. O‘z navbatida talaba yoshlar ham joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida faol ishtirok etishlarini, yangilanayotgan Konstitutsiyamizni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishlarini bildirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA