Keksalarning ijtimoiy faolligi muhokama etildi
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Globallashuv davrida keksalarning ijtimoiy faolligi: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda keksalarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, salomatligini asrash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini ta’minlash masalalari yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Yangilanayotgan O‘zbekistonda yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, oilalar mustahkamligiga hissa qo‘shish, islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish borasida keng qamrovli tashabbuslar hayotga faol joriy etilmoqda.
Anjumanda hozirgi globallashuv jarayonida keksalik va qarish jarayoni, keksalarning ijtimoiy faolligi, uning hozirgi holati, kuzatilayotgan rivojlanish tendensiyalari va istiqbolda shu jarayon bilan bog‘liq muammolar batafsil tahlil qilindi.
O‘zbekistonda keksalik, keksa kishilarni huquqiy, ijtimoiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda ijtimoiy himoya qilish tizimi, ularning ijtimoiy faolligini oshirish bilan bog‘liq muammolarga ilmiy innovatsion yechimlar topish va amaliyotga tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama etildi.
[gallery-19681]
Anjuman davomida aholining keksayishi bilan bog‘liq ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy va tibbiy muammolar kelib chiqishi va rivojlanish tendensiyalarini bashorat qilish hamda ularning ilmiy yechimlarini o‘rganishga ahamiyat qaratildi.
Keksalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ta’minlash sohasida fuqarolik jamiyati institutlari hamda davlat organlarining hamkorligini ta’minlash, nuroniylarning ijtimoiy, tibbiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash tizimi va mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy chora-tadbirlar belgilanib, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Usmonova, A.Alijonov (surat), O‘zA