“Keksalarga mehr” aksiyasi – inson qadrini ulug‘lovchi ezgu tashabbus
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Keksalarga mehr” aksiyasi mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, keksa avlod vakillariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan muhim ijtimoiy loyihalardan biri hisoblanadi.
Mazkur aksiya doirasida O‘zLiDeP Karmana tuman Kengashi tashabbusi bilan partiya faollari, mahalliy Kengash deputatlari hamda Navoiy davlat universitetida tahsil oluvchi bir guruh yosh volontyorlar tumanning Talqoq mahallasida istiqomat qiluvchi yolg‘iz onaxon Mavluda Turobova xonadonida bo‘ldi.
Aksiya ishtirokchilari onaxon holidan xabar olib, uning turmush sharoiti bilan yaqindan tanishdi. Onaxonga oziq-ovqat mahsulotlari topshirilib, kundalik ehtiyojlari haqida suhbatlashildi. Shuningdek, volontyorlar tomonidan xonadondagi uy-ro‘zg‘or ishlariga ko‘maklashilib, hovli va xonadonni tartibga keltirish ishlari amalga oshirildi. Ehtiyojdan kelib chiqqan holda ta’mirlash ishlari bajarilib, yashash sharoitini yanada yaxshilashga hissa qo‘shildi.

– Aksiyaning eng muhim jihatlaridan biri keksalarga nafaqat moddiy, balki ma’naviy ko‘mak ko‘rsatishdir, – deydi partiyaning Karmana tuman Kengashi raisi Yusuf Murodov. – Zero, yoshi ulug‘ insonlar uchun ularning holidan xabar olish, suhbat qurish, mehr va e’tibor ko‘rsatish katta ahamiyatga ega. Tashrif davomida partiya faollari va yoshlar onaxon bilan samimiy muloqot qilib, uning hayotiy tajribasidan bahramand bo‘ldi. Yoshlarning bunday xayrli tadbirlarda faol ishtirok etishi ularda kattalarga hurmat, mehr-oqibat va insonparvarlik kabi yuksak fazilatlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zLiDeP tomonidan mazkur aksiya doirasida keksa insonlarning holidan xabar olish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish kabi ezgu ishlar davom ettiriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri