Keksalarga ehtirom — yuksak qadriyat
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Yurtimizda inson qadri, tarixiy xotira va avlodlar davomiyligini ulug‘laydigan, qalblarning eng nozik torlarini chertib, har birimizni o‘yga toldiradigan muqaddas sana — 9-may keng nishonlanadi. Bu kun shunchaki o‘tmishni yod etish emas, balki tinchlikning har bir lahzasi qanday og‘ir va mashaqqatli yo‘llar evaziga qo‘lga kiritilganini yurakdan his etish, shu ne’matni asrab-avaylash mas’uliyatini chuqur anglash kunidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-apreldagi “9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimiz bo‘ylab urush va mehnat faxriylarini e’zozlash, ularning holidan xabar olish, hayot sharoitini yaxshilashga qaratilgan ezgu ishlar keng quloch yoymoqda. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik “Inson qadri uchun” degan ulug‘ tamoyilning hayotiy ifodasi, xalq va davlat o‘rtasidagi mustahkam ishonch ko‘prigidir.
Jizzax viloyati Baxmal tumani Istiqlol mahallasida yashovchi front orti mehnat faxriysi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Bozor bobo Rahimov sal kam bir asrlik umr manziliga yetib kelmoqda. U kishining xonadoniga qilingan tashrif oddiy hol-ahvol so‘rash emas, balki o‘tmishning tirik guvohi bilan yuzma-yuz suhbat, tarix bilan samimiy muloqotdek mazmun kasb etdi. Mahalla yoshlar yetakchilari va faol yoshlar ishtirokida o‘tgan uchrashuv samimiyat, ehtirom va ibrat ruhi bilan yo‘g‘rildi.

Uchrashuv chog‘ida Bozor bobo urush yillarining yurakni titratar manzaralarini, orqa frontdagi toqatni sinovdan o‘tkazgan mashaqqatli mehnatni, ocharchilik va tanqislikning achchiq ta’mini, har bir xonadondan frontga kuzatilgan o‘g‘lonlar taqdirini to‘lqinlanib so‘zlab berdi. Uning har bir gapi bir davrning og‘rig‘i, har bir xotirasi bir avlodning matonati edi.
— O‘sha yillar juda og‘ir edi... Zog‘ora nonni ham topish mushkul, ko‘pincha kepak atala bilan kun o‘tkazganmiz. Lekin shunda ham keksa otaxon va onaxonlarimiz rizq emas, tinchlik so‘rab duo qilardi. Bugungi dorilomon kunlar — ana shu duolarning ijobati. Yurtboshimiz biz keksalarni unutmay, e’zozlab, holimizdan xabar olayotgani qalbimizga iliqlik bag‘ishlaydi. Ilohim, yurtimiz osmoni musaffo, xalqimiz tinch bo‘lsin, — deya ko‘zlari namlanib duo qildi Bozor bobo.
Bu kabi uchrashuvlar millat xotirasini uyg‘otuvchi, vijdonini charxlovchi ma’naviy saboqdir. Chunki keksalar tirik tarix, ularning hayoti esa kitoblarga sig‘mas haqiqat, sinov va saboqdir. Ularni e’zozlash kechagi kunga ehtirom, bugunga sadoqat va ertangi kelajakka mustahkam poydevor qo‘yish demakdir.
Zero, xotirani asragan, o‘tmishini unutmagan, keksalarini qadrlagan millatning kelajagi hamisha nurli, irodasi mustahkam va qadami sobit bo‘ladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri