Keksalar holidan xabar olish azaliy an’ana
Mamlakatimizda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” davlat dasturi ijrosi doirasida “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga izchillik bilan tadbiq etish choralari ko‘rilmoqda.
Bu borada Namangan viloyatida Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov boshchiligida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Yangi Namangan tumani hokimligi mutasaddilari ishtirokida uzoq yillar mahalliy davlat boshqaruvi idoralarida samarali mehnat qilgan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan mehnat faxriysi Mamatvali Turg‘unov oilasiga yo‘qlov uyushtirildi.

Yangi Namangan tumanidagi Bunyodkor mahallasida istiqomat qilayotgan Mamatvali akani ko‘pchilik yurtimiz taraqqiyotiga ko‘p mehnati singan, mahalla tizimida 40 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan shahar bo‘linmasiga 10 yildan ortiq rahbarlik qilgan, o‘z navbatida shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri, ijtimoiy ta’minot bo‘limi boshlig‘i vazifalarida ishlagan kayvoni va fidoyi inson sifatida e’zozlab keladi.
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan “Namangan tajribasi” loyihasi amalga oshirilayotgani inson qadrini yuksaltirish yo‘lida amaliy qadam bo‘ldi. Har bir tashkilot va korxona tizimda samarali ish olib borgan va mehnat qilayotgan xodimlarning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishish, ularning boy tajribasini o‘rganib yoshlar tarbiyasida foydalanilmoqda.

Mamatvali Turg‘unov yetti qiz va bir o‘g‘ilni voyaga yetkazib, xalq xizmatiga kamarbasta qilib tarbiyalagan. Qizi Nasibaxon ayni paytda fan doktori, poytaxtimizdagi nufuzli tashkilotlardan birida faoliyat yuritadi. bugungi kunda 30 dan ortiq nabira va 20 ga yaqin evaralarga bosh bo‘lgan nuroniy 70 yoshni qarshi oldi.
– Jon kuydirib ishlaganlar hech qachon e’tibordan chetda emasligiga amin bo‘ldim, – deydi Mamatvali Turg‘unov. – Shukr, bugungi osuda va farovon yurtda oilamning moddiy sharoiti yaxshi, farzandlarim xalq xizmatida. Bunday dorilomon kunlarga yetishning o‘zi katta baxt.
Yo‘qlov davomida samimiy suhbat qurildi. Duogo‘y faxriyga “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim qilindi. Inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi ushbu xayrli ishlar viloyatning boshqa hududlarida ham davom ettirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA