Keksalar, faxriylar doimo e’tiborda
Toshkent viloyati Olmaliq shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga hafta davomida 8 ta davlat xizmatlari sayyor tartibda ko‘rsatildi. Keksalarimiz issiq va sovuq suv hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kadastr hujjatini shakllantirish kabi davlat xizmatlaridan sayyor tarzda foydalandi.
– 84 yoshdaman, ko‘p yillar Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishladim, – deydi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Tamara Protsik. – Avvallari davlat idoralariga ish bilan borib, muammolarni hal etishda hujjatlarni qo‘ltiqlab, ancha-muncha idora eshiklarni ochib yopishimizga to‘g‘ri kelardi. Qayerdadir ishimiz oson bitsa, yana qayerdadir erta kel, indin kel bilan vaqtimiz o‘tardi. So‘raladigan hujjatlarning ko‘pligidan yugur-yugurlar sillamizni quritardi. Bugun esa bularning aksi.

Joylarda Davlat xizmatlari markazlarining tashkil etilishi barcha muammolarimizni oson va tez bartaraf etishga yordam bermoqda. Ilgari hech ham bunday bo‘lmagan. Bularning bari fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Biz kabi keksalar doimo e’tiborda ekanligimizdan mamnunman.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent viloyatidagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan o‘tgan hafta davomida 50 dan ortiq keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga sayyor tartibda davlat xizmati ko‘rsatilgan.
Erkin Doripov,
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi
matbuot xizmati rahbari.