Keksalar – bilim va tajriba manbai
2030 yilga kelib yer yuzida yoshi 60 dan oshgan keksalar soni 1,4 milliarddan oshadi. Keksa yoshdagi odamlar har doim yordam va himoyaga muhtoj, aynan ular hammadan ko‘p turli ijtimoiy silkinishlar va inqirozlar qurboniga aylanadi, deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xalqaro keksalar kuniga bag‘ishlab e’lon qilgan ma’ruzasida.
Oxirgi yillar fojiali zarbalar va inqirozlar davri bo‘ldi. Keksalar aksariyat hollarda inqirozlar markazida qoldi. 60 yoshdan o‘tgan keksalar COVID-19 pandemiyasi qarshisida ham boshqalarga nisbatan eng ilojsiz qolgan ijtimoiy qatlam bo‘ldi. O‘z uyini tark etish imkoniyati bo‘lmagandan keyin qurolli mojarolar yoki iqlim o‘zgarishi keltirib chiqarayotgan tabiiy halokatlardan uchog‘ini tark etolmay xavf bilan yuzma-yuz qolmoqda. Qashshoqlik, ijtimoiy himoyalanmaganlik va zarur tibbiy xizmatning bo‘lmasligi ham keksalarning zamonaviy dunyoda duch kelayotgan muaammolari hisoblanadi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha, «ham alohida mamlakat, ham butun dunyo jamoatchiligining vazifasi keksalar muammosini hal qilish va ularning salohiyatini ochishdan iborat».
BMT Bosh kotibining fikricha, buning uchun barcha yoshdagi odamlarning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy integratsiyalashuviga imkoniyat yaratish, yordam berish zarur. Keksa yoshdagilar uchun o‘qish va o‘z malakalarini oshirishini, ishonchli ijtimoiy himoyalanishini ta’minlash, arzon va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratib berish juda muhim.

«Keksalarimiz – bu bilim va tajribaning ulkan manbai hisoblanadi. Biz ularning salohiyotini ishga solishiga faol yordam berishimiz kerak, ularni jamiyat hayotida to‘liq va ahamiyatli ishtirokini ta’minlashimiz zarur», – deydi u.
BMTning keksalar huquqlari bo‘yicha mustaqil eksperti Klaudia Malerning ta’kidlashicha, hozirda keksa yoshdagi ayollar huquqlarini ta’minlashga ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak. To‘g‘ri, keksalarning hammasi ham turli qiyinchiliklar bilan yuzlashishi mumkin, muammolarni ko‘p hollarda o‘zlari hal qilishga to‘g‘ri keladi yoki qiyinchiliklarni shunchaki boshidan o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Lekin, bunday murakab paytlarda ko‘pincha, ayollarga qo‘shimcha mas’uliyat yuklanadi. Buvi, uyda keksa beka, oilaning tajriba va an’analarini qo‘riqlovchisi bo‘lish vazifalari shular jumlasidandir. Biroq madaniyatining o‘ziga xosligi va gender qarashlari (stereotip) saqlanib qolgani bois ayollar pul mablag‘larini to‘plash, hayoti davomida mulk orttirish imkoniyatidan mahrum. Shu sababli aksariyat hollarda ayollar qarigan chog‘ida qashshoq, yoki qarindoshlariga qaram bo‘lib qoladi.

Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, ayollar keksayganda qanday hayot kechirishini, o‘zlarining farovonligini ta’minlashni mustaqil ravishda belgilay oladi, biroq buning uchun ular gender stereotiplaridan voz kechishi kerak. Chunki ko‘pgina mamlakatlarda ushbu cheklovlar va madaniyat saqlanib qolmoqda.
Yaqinda Amerikaning “CeoWorld” jurnali keksalar uchun dunyoning eng yaxshi va eng yomon mamlakatlari reytingini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Finlyandiya keksalar yashaydigan dunyoning eng yaxshi mamlakati, Daniya va Gollandiya esa mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni band etgan. Umuman olganda, keksa odamlar yashashlari uchun dunyodagi eng yaxshi 10 ta davlat qatoridan Norvegiya, Yangi Zelandiya va Ispaniya ham joy oldi.

Qariyalar uchun eng yomon 10 mamlakatlar qatoriga esa quyidagi davlatlar kiritildi: Iroq, Keniya, Ukraina, Venesuela, Kamboja, Nigeriya, Eron, Misr, Namibiya, Dominikan Respublikasi.
Халқимиз “qarisi bor uyning parisi bor” deb bejiz aytmaydi. Keksalari bor xonadonlarimiz fayzli, bunday uylarda tinchlik, xotirjamlik, osoyishtalik kezadi, chehralarda, ko‘zlarda samimiyat balqiydi. Zero, bobo buvilarimizning purhikmat ugit-nasihatlari kattadan kichikkacha, barchamiz uchun yo‘l chirog‘idir, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlatimiz har doim qayg‘urib keladi. Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Keksalar va nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, “Saxovat” va “Muruvvat” maktab-internatlarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi farmonlari ushbu fikrimizga dalildir.
Xususan, so‘nggi to‘rt yil ichida 27 ta tibbiy-ijtimoiy muassasada 267,2 milliard so‘mlik qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi va zamonaviy talablarga javob beradigan 1327 yotoq joy yaratildi.
Sanatoriylarda reabilitatsiya qilingan keksalar va nogironlar soni qariyb 20 foizdan oshadi, yolg‘iz, yordamga muhtoj keksalar va nogiron kishilarga bepul tarqatiladigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena vositalari ro‘yxati 19 tagacha kengaytirildi, nogironlarga bepul beriladigan protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalarining turlari ko‘paytirildi. Davlatimiz tomonidan keksalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlar kelgusida ham davom etadi, zero aholining farovonligini oshirish davlatimiz rahbarining olib borayotgan ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi bo‘lib kelmoqda.
Saidmurod RAHIMOV,
O‘zA sharhlovchisi