Kechikkan avtomashina o‘z egasiga yetkazildi
Navoiy viloyati Zarafshon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan Zarafshon shahar, 12-kichik tuman, 23-uy, 57-xonadonda yashovchi Said Yakubovning murojaati o‘rganib chiqildi.
Murojaatda keltirilishicha, fuqaro “Navoiy AVTOTEXXIZMAT” MCHJ bilan kobalt avtomashinasi sotib olish maqsadida 2022 yilning 5 may kuni shartnoma imzolagan. U shartnomada belgilangan muddatlarda kelishilgan 128 million 645 ming so‘m mablag‘ni to‘liq to‘lab bergan. Ammo...
Garchi shartnomada avtomashinani yetkazib berish muddati 2022 yilning 31 avgust sanasi etib belgilansa-da, avtomobil o‘z vaqtida yetkazib berilmagan.
Fuqaroning murojaati jamiyat mas’ullari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi va “Navoiy AVTOTEXXIZMAT” MCHJga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining tegishli moddalari tushuntirildi.
Natijada fuqaroning huquqlari tiklanib, unga avtomobil yetkazib berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA