Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ko‘rsatilayotgan yordam davlat fuqarolariga befarq emasligini, ularning tashvishi davlatning tashvishi ekanligining yaqqol isbotidir.
– G‘amdan, kasalchilikdan va o‘limdan kafolanlanishning imkoni yo‘q ekan, deydi Farg‘ona shahri Ma’rifat MFYda istiqomat qiluvchi Maftunaxon Turg‘unova. – Oilamizda ketma-ket o‘limlar ro‘y berdi. Oldiniga qaynonam, keyin qaynotam vafot etdi. Ruhiy tushkun yurgan kezlarimizda ro‘zg‘orda moddiy yetishmovchilar yuzaga kela boshladi. Turmush o‘rtog‘imning oylik maoshi juda kam, qaramog‘imizda uch nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazish mas’uliyati turibdi. Hayot o‘zining yozilmagan qonunlariga ham ega ekan. Bilasiz, hozirgi bozor siyosatining iqtisodiy qiyinchiliklari ayolga ham, erkakka ham shafqat qilmay qoldi.
Har bir ayol ro‘zg‘or yuritish san’ati, tejamkorlik, chuqur mulohaza, oilasi, farzandlariga cheksiz muhabbat kabi xislatlar bilan siylangan. Muammolardan chiqish chorasini izlar ekanman, onamdan yodgor qolgan tikuv mashinasi yodimga tushdi.
Onam uzoq yillar davomida tikuvchilik bilan shug‘ullangan bo‘lsada, men bu kasbga hech qiziqib ko‘rmagan ekanman. Ammo baribir bu kasb ona meros uchunmi, qo‘rquv bilan sinashga tikib ko‘rgan choyshablarimdan ko‘nglim to‘la boshladi. Avvaliga o‘rganishga uydagi bor matolardan choyshab va dasturxonlar tikdim. Tikkan ishlarimni mahallamdagi xotin-qizlarga ko‘rsatgandim, mahsulotlarim yaxshigina xaridorgir bo‘ldi. Qo‘lim ancha-muncha kelisha boshlagach, bozorga tushdim va turli matolar xarid qildim.
Havo sovuq bo‘lishiga qaramasdan, kichkina go‘dagimni olib, mahsulotlarni sotish uchun Qo‘qon bozoriga chiqa boshladim. Hokim yordamchisi Alisher Hoshimovning yordami va tavsiyasi bilan subsidiyaga tikuv mashinasi oldim. Yoniga yana zaruriy ish jihozlarimni xarid qildim va shunday qilib tikuvchilik faoliyatimni yo‘lga qo‘ydim.
Imkon izlagan inson albatta erishar ekan. Sekin-sekin moddiy muammolarimiz barham topa boshladi. Endi men ishimni kengaytirish borasida o‘ylar edim. Mahallamizdagi mutasaddilar menga imtiyozli kredit olishni taklif qilishdi. Men kredit shartlarini o‘rganib chiqar ekanman, beriladigan imtiyozlar meni hayron qoldirdi. Chunki bu imtiyoz bilan bemalol tadbirkorlik ishlarimizni rivojlantirib olish mumkin edi.
Mahallamizda istiqomat qiluvchi, uyda o‘tiradigan xotin-qizlarni hamkorlikda ishlashga taklif qildim. Ular bilan birgalikda daromadga erisha boshladik. Mahalliy bozorlardan tashqari Rossiya davlatidan ham buyurtma qabul qildik. Kelgusida dunyo bozorlariga eksport hajmini oshirish niyatimiz bor.
Men bir vaqtlar ijtimoiy himoyaga muhtoj deya, “Ayollar daftari” ga kiritilgan edim. Bugun mening topayotgan oylik daromadim 15-16 million so‘mni tashkil qiladi. Meni qo‘llab-quvvatlab, bekamu-ko‘st hayot kechirishimga sharoit yaratib bergan hukumatimizga minnatdorchilik bildiraman.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/-aQESt3D3rc?si=pkLeSw8FQHPDC265" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA