Kayvonli ayvonning mohir ustasi
Darhaqiqat, Qoʻqon yogʻoch oʻymakorligi maktabi ravnaqida Oʻzbekiston Respublikasi xalq ustasi, mohir hunarmand Muhammadali Yunusovning alohida oʻrni bor.
Oʻtgan yili Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilish marosimi paytida Muhammadali Yunusov qisqa vaqt ichida sahnaga ikkita milliy uslubdagi ayvon qurib, barchani lol qoldirdi.
–Duyoning manaman degan joylaridan kelgan ustazoda hunarmandlarga oʻzbekning oʻziga xos yogʻoch oʻymakorligini namoyish qilish katta sharaf va gʻurur bagʻishladi, – deydi u. – 40 minutlarda shogirdlarim bilan ikki ayvonni bitirdik. Juda koʻp joylarda bu ishlarni qilganmiz. Ammo oʻsha vaqtda juda katta hayajon ham bor edi. Shukrki, yuzimiz yorugʻ boʻldi, barcha amaliy sanʼatimizga yuqori baho berdi. Aynan yogʻoch oʻymakorligi yoʻnalishi uchun Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan Qoʻqon shahriga “Jahon hunarmandlari shahri” maqomi berilgani ham yuksak eʼtirof boʻldi.
Darhaqiqat, Qoʻqon yogʻoch oʻymakorligi maktabi ravnaqida Oʻzbekiston Respublikasi xalq ustasi, mohir hunarmand Muhammadali Yunusovning alohida oʻrni bor. Taʼkidlash joizki, milliy hunarmandchilik sohasida katta tajribaga ega usta Qoʻqon, Fargʻona va Margʻilon shahri, vodiy viloyatlari, poytaxtimiz Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari, qoʻyingki, mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilgan tarixiy qurilish-bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda. 2015-yilda Samarqand shahridagi Doniyor paygʻambar maqbarasida 8 qirralik, 8 ustunlik milliy arkli ayvon, Toshkent shahridagi Hazrati Imom masjidi majmuasi ayvon ustunlari, poytaxtimizning Yunusobod dahasida Qatagʻon qilinganlar xotirasiga qurilgan muzeyning ustunlarini ham oʻymakor naqshlar bilan bezatishgan. Poytaxtimizdagi milliy bogʻda “Xalq amaliy sanʼati” galereyasining aylana ayvon qismi, Samarqandning Hazrati Imom Ismoil Al-Buxoriy majmuasi ayvonlari qurilishi, Jizzaxda “Ipak yoʻli” choyxona-oromgohi va yurtimizning koʻplab tuman-shaharlarida choyxona-oromgohlarning yogʻoch oʻymakorligi ishlari aynan unga tegishli.
Muhamadali aka ijodiga mansub ayvonlar, naqshinkor eshik va bezakli ustunlar bir qator xorijiy mamlakatlardagi madaniyat hamda sanʼat koshonalarini ham bezab turibdi. Oʻgʻli Kozimjon Yunusov sulolaning oltinchi avlodi boʻlsa, bobosining yonida yurib hunar oʻrganayotgan nabiralari yettinchi avlod sifatida yuksak mahoratga ega boʻlib borishmoqda. Hunarmandchilik sohasidagi yarim asrlik faoliyati mobaynida usta ikki ming nafarga yaqin shogird tayyorlashga muvaffaq boʻldi.
Ayni paytda Furqat tumani markazida tashkil etilgan “Usto Yusufjon naqqosh” oilaviy hunarmandchilik korxonasining “Ustoz-shogird” maktabida tajribali usta yoshlarga amaliy tajriba va bilimini qunt bilan oʻrgatmoqda. Furqat tumanining Shotoʻra qishlogʻida joylashgan ustaxonada esa yuzdan ziyod shogirdi hayotiy saboqlarni olmoqda. Pandemiya sharoitida ham bu yerda ish qizgʻin. Ustalarning qoʻli qoʻliga tegmaydi. Shuningdek, ayni kunlarda Qoʻqonboy qishlogʻida yoshlar ustaxonasi qurilishi boshlandi.
–Yogʻoch oʻymakorligining oʻziga xos sir-sinoati bor, – deydi M. Yunusov. – Bugungi kunda unutilayotgan ayvonsozlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Oʻzbekning xonadonini ayvonsiz tasavvur etish qiyin. Xususan, asl va qadimiy nusxadagi ayvonlari kayvonli boʻlgan. Kayvon biz ustalar lahjasida ulugʻlangan, sharaflangan maʼnolarini ham beradi. Yozda salqin, qishda iliq, oftob qizdirmaydigan, shabada ohista aylanib turadigan, yomgʻir ichkarisiga urmaydigan, shift bezaklari koʻp maʼnolarni anglatadigan ayvonni qurish ustadan nazariy bilim, hisob-kitob ham talab qiladi. Bu borada hayotim davomida ustozlardan koʻp saboqlarni oldim. Qadimiy obidalarning qurilish usullarini kuzatib, tosh, gil, tuproq xossalarini, ayniqsa, yogʻoch oʻymakorlik sirlarini oʻrgandim.
Kayvonli ayvonlar Markaziy Osiyoning aksariyat meʼmoriy majmualarida boʻlgan. Buxorodagi Labi Hovuz, Qoʻqondagi Xudoyorxon oʻrdasidagi ayvonlar shifti kayvoni uslubda qurilgani bilan xarakterlidir. Qoʻqon va Margʻilon shaharlaridagi bir necha jome-masjidlarining old ayvonlari kayvoni uslubda boʻlib ustunlar, toʻsin, xari, surrov va vassalar islomiy naqshlar bilan bezatilgan.
Muarrixlarning shohidlik berishicha, XX asrga qadar oʻzbek xonadonlarining ayvonlari xuddi shu uslubda qurilgan va buning oʻziga xos sabablari boʻlgan. Maʼlumki, oʻzbek oilalari soni yaqin oʻtmishda ham koʻpchilikdan iborat boʻlgan. Xonadon kattalari toʻqson, yuz yoshgacha umrguzaronlik qilisharkan, kayvonli ayvon ostidagi soʻrilarda oʻtirishgan. Oʻzaro oilaviy, qarindoshlik maslahat kengashlari kattalar ishtirokida oʻtkazilgan. Kayvonilarning maslahatisiz bir ishga qoʻl urilmagan. Boz ustiga bunday ayvonlar ichki hovli-uylardagi xotin-xalaj, bola-baqradan xoli boʻlgan. Bu esa bobo va buvilarimizning maishiy turmush madaniyati yuqoriligidan dalolat beradi.
Nafaqat shahar hududlarida, ayrim qishloq xonadonlarida ham kayvonli ayvonlarni uchratish mumkin boʻlgan.
Usta Fargʻona shahridagi Yormozor akademik litseyi roʻparasida, “Nuroniylar maskani”da kayvoni ayvon qad koʻtardi. Shift toʻrt qirra – toʻrt faslga monand aroqi sarrofli, vassa juftlardan tashkil topgan. Oʻrta chuqur hovuzakli boʻlib, u yer shari andozasidan olingan. Uning atrofi 365 ta detaldan iborat. Bu kunlarimiz soniga ishora. Yulduzli koshinlar 12 oyga qiyoslanib oʻrnatiladi. Bir paytlar kayvonlar chinor, qayragʻoch daraxtlaridan yasalgan. Bugungi kunda qayin daraxti qoʻl kelyapti.
Samarqand, Buxoro va yurtimizning boshqa hududlarida ham M. Yunusov kayvonli ayvonlarni qurgan. Oʻzbekistonning Ukrainadagi elchixonasida naqshinkor ustunli kayvoni ayvon va soʻri xalq amaliy sanʼatining, yogʻoch oʻymakorligi namunalarini yorqin ifoda etib turibdi. Oʻtgan yili Pekin shahrida Oʻzbekiston elchixonasiga ikki oyda shunday ayvonni oʻrnatildi.
–Kayvonli ayvonning qulfi kaliti boʻladi, – deydi usta. – Biz uni barpo etishda juda kam holatda mix ishlatamiz. Asosan, yogʻochlarning oʻzini bir-biriga mustahkamlaymiz. Bu ayvonlarni keyinchalik shunday holatda boshqa joyga olish, taʼmirlash ham mumkin.
Bugungi kunda usta va shogirdlari aholi xonadonlariga buyurtmalar asosida kichik ayvonlarni qurib bermoqda. Ularning narxi navosiga qiziqdik.
–Bu ayvonlar qanday yogʻoch ishlatishi va naqshlariga qarab baholanadi, – deydi M. Yunusov. – Lekin hech qachon mana shuncha pul boʻladi deb aytmaganman. Toʻgʻrisi, eng qimmat kichik ayvonni 60 million soʻmga tayyorlab berganmiz.
Ota merosni asrab-avaylab kelayotgan usta bugun yana-da ulkan maqsadlarni oldiga qoʻygan. Oʻzbek brendiga aylanayotgan hunarmandchilik dovrugʻini dunyoga tanitmoqda.