Kattaqo‘rg‘on tumani iqtisodiyotida salmoqli o‘rinni qishloq xo‘jaligi egallaydi. Keyingi yillarda hududda sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Kichik sanoat zonalari tashkil etilib, mahalliy tadbirkorlarga bir qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratilmoqda, xorijiy investorlarni jalb qilinmoqda.
Ayniqsa, Xitoy mintaqalari bilan hamkorlik natijasida o‘ndan ortiq yangi korxonalar tashkil etilib, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materillari, maishiy texnik vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘tgan yil oktyabr oyida faoliyat boshlagan “HENGYUAN CEMENT” xorijiy korxonasi ana shunday ishlab chiqarish sub’ektlaridan biri hisoblanadi.
“China Energy International Group Samarkand Cement” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona ta’sischiligida tashkil etilgan zavod yiliga 3 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega.
– Biz xitoylik tadbirkorlarning O‘zbekistonda faoliyat olib borishi uchun davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlaymiz, – deydi korxona rahbari Zu Dayong. – Bu ikki tomonlama aloqalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Mazkur korxonani ishga tushirishda ham Samarqand viloyati va Kattaqo‘rg‘on tumani hokimliklari bizni qo‘llab-quvvatladi. Buning natijasida 351 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritib, ikki yil ichida zavodni ishga tushirdik. Xitoydan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatganmiz va bu atmosferaga zararli chiqindilar chiqarishning oldini oladi. Kelgusida tumanda yana boshqa loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz.
38,5 gektar maydonda bunyod etilgan korxona ishga tushishi bilan birinchi bosqichda 300 nafar mahalliy aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Keyinchalik yana shuncha ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda korxonada M-450 va M-550 markali sement ishlab chiqarilmoqda. Hozir faqatgina ichki bozorda sotilayotgan korxona mahsulotlarini joriy yildan qo‘shni davlatlarga eksort qilish ko‘zda tutilgan. Kattaqo‘rg‘onliklarning aytishicha, yangi zavod ishga tushishi bozorda sement narxi arzonlashishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
[gallery-15566]
– O‘tgan yil bir tonna sement narxi o‘rtacha 800-850 ming so‘m edi,– deydi xaridorlardan biri. – Hozir o‘zimizning Kattaqo‘rg‘on sementini 650 ming so‘mdan olyapmiz. Sifati ham yaxshi. Bunday korxonalarning o‘zimizda bo‘lgani narx arzonlashishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatining Xitoy mintaqalari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarida Kattaqo‘rg‘on tumaniga Szyansu provinsiyasi tadbirkorlarini keng jalb etish, hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari