Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Kattaqo‘rg‘on shahridagi Ingichka volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash uchun Olmaliq kon metallurgiya kombinatiga yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi berilgan edi.
Ushbu qaror ijrosiga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘onda “Ingichka boyitish fabrikasi” ishga tushirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdulla Xursandov va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda ta’kidlanishicha, mazkur ob’ektda respublikada ilk marotaba volfram tarkibli texnogen chiqindilarni qayta ishlash texnologiyasi sanoat miqyosida yo‘lga qo‘yildi. Mazkur texnologiyaning sanoatga tatbiq etilishi natijasida joriy yilning avgust oyida ushbu konda ilk mahsulot olindi hamda bu mahsulotga xalqaro sertifikat berildi.
Ingichka konining qoldiqlaridan yiliga 150 tonna volfram konsentratini 35 foiz WO3 bilan boyitish rejalashtirilgan. Keyinchalik Ingichka konining qoldiqlari ishlab chiqarishga to‘liq jalb qilinganda yiliga 100 tonna volfram metalli olinadi.
Texnologiya joriy etish natijasida 2023 yilda birinchi bosqichda 5,7 milliard so‘mlik 100 tonna va 2024 yilda 13,7 milliard so‘mlik 285 tonna (o‘rtacha 28 foizlik WO3) volfram konsentrati olinadi.
Shu bilan birga, 2023 yilda umumiy qiymati 1,8 million dollarlik 27 tonna volfram shtabiklari va mahalliylashtirish dasturi doirasida volfram tarkibli 27,9 milliard so‘mlik 36 tonna qattiq qotishmalar, asboblar (keskich, parma) ishlab chiqariladi.
Ushbu ob’ektning ishga tushirilishi natijasida birinchi bosqichda 82 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ikkinchi bosqichda yana 200 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA