Qonunchilik palatasining majlisida “Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi Qonunchilik palatasi qarori loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri hududini kengaytirish orqali o‘rta shaharlar toifasidan katta shaharlar toifasiga o‘tkazilishi, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholining o‘sib borishini inobatga olgan holda aholiga qulay sharoitlar yaratish, yangi infratuzilma ob’ektlari hamda ko‘p qavatli turar-joy komplekslari barpo etish belgilangan.
Shundan kelib chiqib Vazirlar Mahkamasining taklifiga asosan, Kattaqo‘rg‘on tumanidan 1 ming 945 gektar, Nurobod tumanidan 971 gektar yer maydoni Kattaqo‘rg‘on shahri tarkibiga hamda Nurobod tumanidan 600 gektar yer maydoni Kattaqo‘rg‘on tumani tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.

Ushbu chegaralar o‘zgartirilishi natijasida yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Xususan, 50 gektar maydonda “Urgut” erkin iqtisodiy sanoat zonasi filiali, shuningdek, 30 gektar maydonda 3 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Hududda 2030 yilga borib sanoat korxonalarining sonini 332 tadan 500 taga yetkazish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni qariyb ikki barobarga o‘sishini ta’minlash reja qilingan. Aholi jon boshiga esa sanoat mahsulotlari hajmi 1,5 barobarga o‘sishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, hududda xizmat ko‘rsatish sohasida korxonalar sonini 981 tadan 1 ming 285 taga yetkazish hisobiga jami xizmatlar hajmi 1,8 barobarga o‘sishi, 2030 yilga borib xizmat ko‘rsatish sohasida korxonalar soni 3 ming taga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Bu o‘zgarishlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, istiqbolli rejalarni belgilash, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, hudud infratuzilmasini yaratish, shuningdek, yangi hududda belgilangan talablar doirasida ijtimoiy soha, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilishini tashkil etish hamda shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani qayd etildi.
Qaror loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA