Katta yoʻl boshidan ortga bir nazar
Bu – Jizzax Prezidentning tugʻilgan, keyin ishlagan joyi boʻlgani uchungina emas. Buning boshqa muhimroq sabablari bor.
“Eng asosiysi, bu islohotlar natijasida xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak”.
(Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan)
Prezidentimizning alohida eʼtibori natijasida 2017-2019-yillarda Jizzax viloyati aholisining turmush tarzini yanada yaxshilash, yoshlarning bilim olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida jami 11 ta, shundan 1 ta Prezident qarori hamda 10 ta Vazirlar Mahkamasi qaror va farmoyishlari qabul qilindi.
Bu – Jizzax Prezidentning tugʻilgan, keyin ishlagan joyi boʻlgani uchungina emas. Buning boshqa muhimroq sabablari bor.
Masalan, Prezidentning 2018-yil 4-maydagi “Jizzax viloyati aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2018-2020-yillarga moʻljallangan “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga viloyat aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimini yaxshilash” loyihasi amalga oshirilayotir.
Viloyat aholi punktlarining yarmidan koʻpi markazlashtirilgan suv taʼminoti bilan taʼminlanmagan. Oʻtgan asrning 70-80-yillarida qurilgan markazlashgan tarmoqlar inshootlarining aksariyati juda eskirib ketgani oqibatida ularning quvvati 3 barobardan koʻpga qisqargan.
Jizzax shahri va 65 qishloqdagi 1 ming 850 kilometrdan ziyodroq ichimlik suvi tarmoqlarining 1 ming 182,9 kilometri yoki 64 foizi rekonstruksiyaga muhtoj.
Bundan tashqari, zararsizlantiruvchi uskuna va qurilmalar yoʻqligi tufayli aksariyat hududlarda ichimlik suvining yuqori darajada ifloslanishi kuzatilmoqda. Ayni paytda Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlari aholisining 46 foizi davlat standartlariga mos boʻlmagan, ichishga yaroqsiz yer usti suv manbalaridan foydalanib kelayotir.
Markazlashgan suv taʼminoti tarmogʻiga ulanganlar ham suvdan meʼyordagiday foydalanayotgani yoʻq. Viloyat va tuman markazlaridagi koʻpchilik uylarning yuqori qavatlariga suv chiqmaydi. Koʻp qishloqlarda suv maʼlum soatlarda tabaqalashtirib beriladi.
Bu sohadagi uzoq yillar toʻplanib qolgan muammolarni mamlakat rahbariyatining koʻmagisiz hal qilib boʻlmasligi hammaga maʼlum haqiqat edi. Prezident qarori shuning uchun ham qabul qilindi.
Hozir ushbu qaror asosida “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga viloyat aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimini yaxshilash” loyihasi amalga oshirilayotir.
Loyiha boʻyicha Mirzachoʻldan Samarqandgacha umumiy uzunligi 183 kilometr boʻlgan suv tarmogʻi, suv koʻtarish va tozalash inshooti, 100 ming metr kub sigʻimli suv saqlash inshooti qurilmoqda. Qudratli nasoslar yordamida Zarafshon daryosining suvi 102 metr balandlikka koʻtarilib, ushbu tozalash inshootining bunyod etilayotgan maxsus hovuzlariga tashlab beriladi.
Bu katta inshoot bitishi bilan Baxmal, Gʻallaorol, Sh.Rashidov, Paxtakor, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlari hamda Jizzax shahrida yashovchi 860,7 mingdan ziyod aholining ichimlik suvi taʼminoti tubdan yaxshilanishi koʻzda tutilgan.
– Ushbu loyiha koʻlami bilan ham, dolzarbligi bilan ham viloyat hayotida tarixiy ahamiyatga ega boʻldi, – deydi koʻp yillar suv taʼminoti tizimida rahbarlik lavozimlarida ishlagan mehnat faxriysi, “Oʻzbekiston Respublikasi kommunal xizmat koʻrsatish aʼlochisi” Parda Shukurov. – Men butun faoliyatim davomida suv taʼminotidagi muammo qanday hal boʻlishini oʻylab yurardim. Bu juda qiyin, ammo hal etish oʻta zarur boʻlgan muammo edi. Prezidentimizning eʼtibori bilan aholini koʻp yillar qiynab kelgan muammo hal etilishiga oz fursat qolmoqda. Viloyat tarixida ichimlik suvi tarmogʻida bunday katta ish qilinmagan. Men viloyatimizda amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamidan xulosa chiqarib komil ishonch bilan aytamanki, Prezidentimiz Murojaatnomasidagi xalqimiz turmushini yaxshilash, farovonligini oshirish uchun belgilangan barcha rejalar toʻliq amalga oshadi.
Xuddi shunday Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga asosan Osiyo taraqqiyot banki mablagʻi hisobidan Jizzax shahrida boshlangan kanalizatsiya tizimini yangidan qurish loyihasi joriy yilda yakunlanishi koʻzda tutilgan.
Yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolar yechimi bilan bogʻliq bunday katta ishlarga misollar koʻp. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida Doʻstlik tumanining Manas qishlogʻida hamda Mirzachoʻl tumanining Gagarin shaharchasida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari shu zaruriyatdan kelib chiqib amalga oshirildi.
Manas va Gagarinda amalga oshirilgan ishlar butun respublikamizga namuna boʻldi. Bu ikki manzildagi ishlar haqida respublikamiz matbuotida ham, xorij nashrlarida ham koʻp yozildi. Manasga ham, Gagaringa ham respublikamizning barcha hududlaridan, xorijdan mehmonlar kelib, qilingan ishlar bilan tanishib ketdi.
Mirzachoʻlda, Manasda tugʻilib voyaga yetgan, ammo 25-30 yildan buyon xorijda yashayotgan kishilarda bu yerdagi oʻzgarishlar katta hayrat uygʻotdi. Chunki ular bu yerning ilgari qay ahvolda boʻlganini yaxshi bilardi. Bugungi manzara mutlaqo boshqacha.
– Qarindoshlarim, sinfdoshlarim orqali tugʻilib oʻsgan shahrim –Gagarindagi yangiliklardan xabardor boʻlib turaman, – deydi Qozogʻiston poytaxti Nur-Sulton shahridan mehmon boʻlib kelgan Bayanjan Jumaxanova. – Ammo bunchalik katta oʻzgarishlarni koʻraman, deb xayolimga ham keltirmagan edim. Bolalikda har kuni yurgan mana shu markaziy koʻchani ham tanimay qoldim. Nazarimda, u juda kengayib ketgandek. Koʻp qavatli zamonaviy imoratlar qurilib, ikki yonidagi eski devorlar, panjaralar, pastqam inshootlar oʻrnida yashil maydonlar, gulzorlar barpo etilibdi. Bu oʻzgarish birgina markaziy koʻchada emas, butun shaharda roʻy bergani meni hayratga soldi. Bir vaqtlar men bilgan, koʻrgan posyolka oʻrnida bugun zamonaviy, koʻrkam va chiroyli shahar qad rostlabdi.
Eng muhimi, bu tajriba boshqa hududlarda muvaffaqiyatli davom ettirildi. Viloyatda 2018-2019-yillar davomida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 352 ming aholi istiqomat qiluvchi 69 qishloq va 6 mahallada ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Loyiha doirasida 172 ijtimoiy soha obyekti qurildi va taʼmirlandi, 605 kilometr elektr, 27 kilometr tabiiy gaz va 324 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari holati yaxshilandi hamda 580 kilometr ichki yoʻllarda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi.
Soʻngra bu ish qishloq va mahallalardan kattaroq hududlarda amalga oshirildi. Prezidentimiz 2019-yil 30-31-yanvar kunlari viloyatga tashrifi davomida Mirzachoʻl tumani markazida olib borilgan keng koʻlamli ishlar misolida viloyatning barcha tuman markazlarini va Jizzax shahrining yangi zamonaviy arxitektura qiyofasini yaratish boʻyicha alohida bergan topshirigʻi bu ezgu ishning koʻlamini ham, hududini ham kengaytirdi.
Ushbu topshiriq boʻyicha 2019-yilda Arnasoy, Sharof Rashidov, Doʻstlik, Zomin, Zarbdor, Zafarobod, Paxtakor va Yangiobod tumanlari markazlarida hamda Jizzax shahrida belgilangan qurilish va obodonlashtirish ishlari yakuniga yetkazildi. Baxmal, Gʻallaorol va Forish tumanlarida amaliy ishlar yakunlanish arafasida.
Vazirlar Mahkamasining kompleks rivojlantirish dasturlari boʻyicha qarorlari asosida 5 ta, jumladan, Zomin, Zarbdor, Mirzachoʻl, Doʻstlik va Zafarobod tumanlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati yaxshilandi.
Ijtimoiy sohadagi oʻzgarishlar haqida gap borar ekan, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali tashkil etilishi va yana koʻp narsalar haqida gapirish mumkin.
Har biri koʻlami va ahamiyati jihatdan haqiqatan ham tarixiy deb atashga munosib boʻlgan bu oʻzgarishlar respublika hukumatining qoʻllab-quvvatlashi, viloyatda qaror topayotgan yangi yondashuvlarning natijasi, albatta.
Masalan, 2018-yil avgust oyida Jizzax shahrida birinchi bor oʻtkazilgan “I Xalqaro investitsiya forumi” va 2019-yil avgust oyidagi “II Xalqaro investitsiya forumi”ni olib koʻraylik. Ushbu investitsiya forumlarida 48 davlatdan 530 xorijiy kompaniya rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Mazkur tadbirlarda umumiy qiymati 1 milliard 730 million dollarlik 39 shartnoma imzolandi.
Viloyat tarixida birinchi marta 2018-yilda 56 million dollar, 2019-yilda esa 390 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilishiga erishildi. Mutasaddilarning taʼkidlashicha, joriy yilda ham ushbu amaliy ishlar davom ettirilib, 500 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi belgilangan. Bu 30 ta yangi qoʻshma korxona tashkil etish imkonini beradi. Viloyatdagi qoʻshma korxonalar soni 215 taga yetadi.
Albatta, hozir hech kim hamma masala hal etildi yoki rejalar osongina amalga oshirilayotir, degan gapni aytmaydi. Yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarning barchasini qisqa fursatda hal etish qiyin. Ayniqsa, aholining ijtimoiy turmush sharoitini yaxshilashda qilinadigan ishlar koʻpligiga Murojaatnomada keng oʻrin berildi.
Viloyatda ham eng katta va birinchi oʻrindagi vazifa ijtimoiy sohalardagi muammolardir. Saylovdan soʻng xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari qoʻshma sessiyasida viloyat hokimi Ergash Soliyev maʼruzasida ushbu yoʻnalishda rejalashtirilgan ishlarga toʻxtalib, bu yil yashash sharoiti ogʻir, kam taʼminlangan va nogironligi boʻlgan 700 ga yaqin fuqaro, jumladan, 520 ayol uy-joy bilan taʼminlanishini bildirdi.
Tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan xotin-qizlarga Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan 3 milliard soʻm imtiyozli kredit mablagʻi ajratilishi natijasida ularning bandligi taʼminlanadi.
Xuddi shunday katta rejalar ijtimoiy sohani rivojlantirishning boshqa yoʻnalishlarida ham belgilangan. Viloyat boʻyicha 3 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olish boʻyicha 2019-yilda erishilgan 60 foiz qamrov darajasi 2020-yilda 75 foizga, 2021-yildan esa 100 foizga yetkazilishi aniq maqsad qilib qoʻyilgan.
Joriy yilda jami 65 ijtimoiy soha muassasalarida, jumladan, 17 maktabgacha taʼlim, 18 xalq taʼlimi, 16 sogʻliqni saqlash, 4 bolalar sport maktabi va 10 boshqa ijtimoiy soha inshootida davlat dasturlariga asosan yangi qurilish, rekonstruksiya qilish va joriy taʼmirlash ishlari bajariladi. Mazkur tadbirlar uchun 295 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilayotir.
2020-yilda “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida yosh tadbirkorlarga oʻz faoliyatini boshlashi va amalga oshirish uchun 67 milliard soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratiladi.
Hududlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishda xalq bilan muloqot, aholini tadbirkorlikka jalb etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Endilikda bu ish doimiy, tizimli jarayonga aylanib borayotir. Tasdiqlangan reja asosida viloyatning chekka hududlarida oʻtkazilayotgan turli darajadagi davlat idoralari rahbarlarining aholi vakillari bilan uchrashuvlari, sayyor qabullarda Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalar asosida, ayniqsa, ijtimoiy masalalar yechimiga eʼtibor kuchaymoqda.
Faqat rasmiy yigʻinlar emas, hamma joyda, barcha davralarda Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalar qizgʻin muhokama etilayotir.
– Prezidentimiz Murojaatnomasiga bunday qiziqishning ajablanarli joyi yoʻq, undagi har bir masala xalqimizning buguni, ertasi va farzandlarimizning kelajagi bilan bogʻliq, – deydi Jizzax shahri, Navoiy koʻchasida yashovchi 85 yoshli Abdulla ota Qarshiboyev. – Keyingi uch yilda butun mamlakatimizda, Jizzaxda misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirildi. Bundan xulosa shuki, Prezidentimiz Murojaatnomasi har tomonlama hisob-kitob qilingan, asoslangan, eng muhimi, xalqimizning ehtiyoji, orzu-tilaklari mujassam etilgan muammal dasturilamal boʻlib, unda belgilab berilgan vazifalar bekamu koʻst amalga oshadi.
Shunday boʻlishiga, Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalar, aniq rejalar, ezgu maqsadlar amaliy harakatlar natijasida ijobat boʻlishiga koʻpchilikning ishonchi komil. Bunga oʻtgan yillarda boshlangan, bugun davom etayotgan ishlar, xalqimizning buyuk maqsad yoʻlida davlatimiz rahbariga hamfikr va hamkorligi kafolatdir.