Katta saylga aylangan san’at bayrami
Nukus shahrida bo‘lib o‘tayotgan II xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasidagi "Baxshichilik san’atining jahon madaniyati sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari mamlakatimiz madaniyati va san’atining naqadar boyligi va betakrorligiga, baxshichilik san’ati shunchaki ijro emas, ilm darajasida o‘rganilishi kerak bo‘lgan nomoddiy boylik ekanini alohida e’tirof etmoqda. Katta saylga aylangan ushbu san’at bayrami muxlislar hamda xorijlik mehmonlarga g‘oyat manzur bo‘lmoqda. Quyida ularning ayrimlarining fikrlarini keltiramiz.
Talantaali Bakchiyev, qirg‘izistonlik olim:
– Xalqaro konferensiyada baxshichilik san’ati haqida batafsil so‘z yuritilmoqda. Ma’ruzalar ham g‘oyat qiziqarli, har bir davlatning o‘ziga xosligini ochib beruvchi jihatlarga alohida to‘xtalib, ma’lumot berilmoqda. Bular, shubhasiz, baxshichilik san’atining yanada rivojlanishi uchun yaxshigina imkoniyatdir. Baxshilik sagn’ati festivali ayni paytda yoshlarda bu nodir san’atga bo‘lgan hurmat va qiziqishning ham ortishiga xizmat qiladi. Ustoz-shogird maktabi an’analari yanada ravnaq topishiga ko‘maklashadi.
Anorboy Boldiboy, qozog‘istonlik olim:
– Ushbu konferensiya shunisi bilan ahamiyatliki, unda baxshichilik san’atining jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni va ahamiyati batafsil muhokama etilmoqda. Nazarimda, bu san’at qa’riga tarix, notiqlik, o‘tmish voqealari, insoniy kechinmalarning rang-barang tafsilotlari, teran hayotiy falsafa singdirilgan. Shu bois baxshining ijrosini muxlislar katta diqqat-e’tibor bilan, ishtiyoq bilan tinglaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu bebaho san’at turiga mehri, havasi katta ekaniga guvoh bo‘ldim. Bular baxshichilik san’atiga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda ham, shunday ajoyib festivallarni o‘tkazishda ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Mustafo Duman, turkiyalik olim:
– Dostonlar zamirida tarix silsilasi, voqeliklar, insonlarning bir-biriga munosabati bor. Unda kuylangan aytimlar, yangragan so‘zlar, hikmatlar, agar diqqat bilan tinglasangiz, bugun ham hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shu sababli ham baxshichilik bebaho san’at bo‘lsa kerak, menimcha. Men festival jarayonlarida Nukusning markaziy ko‘chalarida juda ajoyib sayl, bayram tarzida nishonlanayotgan baxshilarning badiiy dasturlarini ko‘rdim. Xalqingizning asl qiyofasi, milliy o‘zligi ana shunday ijodiy festvallarda yaqqol bilinadi.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.