Mamlakatimizda mahallalar faoliyatini tubdan takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahalla instituti aholining haqiqiy tayanchiga aylanmoqda. “Mahallada islohot – butun mamlakatda yangilanish” tamoyili asosida joylarda mutlaqo yangi tizim joriy etildi.
Shu islohotlar natijasini Shayxontohur tumanida joylashgan Katta Oqtepa mahallasidan ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Mahallaning yuragi hisoblangan Oqtepa kanali atrofi tubdan o‘zgargan. Ilgari qarovsiz holatda bo‘lgan hududda hozir zamonaviy sayilgoh barpo etilgan.
Mahalla raisi Sa’dulla Umarov O‘zA muxbiriga intervyu berib, 1,5 kilometrga cho‘zilgan ushbu hududda umumiy qiymati 27 milliard so‘mlik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilganini ta’kidladi.
– Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan barpo etilgan sayilgoh yashil makonga aylandi. Bu yerda sport ob’ekti, bolalar maydonchalari va ko‘ngilochar maskanlar faoliyat yuritmoqda. Xalq bundan juda mamnun, – dedi mahalla raisi.
Kanal bo‘yi yangicha qiyofa kasb etib, ko‘p qavatli uylarning fasad va tom qismlari ta’mirlangan, 50 metrli uzum so‘risi va 10 ta katta-kichik terassalar qurilgan.
Eng muhimi, obodonlashtirish nafaqat go‘zallik, balki iqtisodiy o‘sishga ham turtki bermoqda. Bundan tashqari yoshu-qari mahalladagi imkoniyatlardan birdek foydalanmoqda.
– Mahalla gullab-yashnagan, obol hududga aylangani biz, nuroniylarni quvontiradi. Aholi Yangi O‘zbekistonni qurishda o‘z hissasini munosib qo‘shmoqda. Zero, yoshlarimiz ish bilan ta’minlangan, ular aynan mahallamiz farovonligi, iqtisodiy barqarorligi yo‘lida mehnat qilmoqda. Nuroniylar esa yaratilgan sharoit – “Nuroniylar maskani”da vaqtini chog‘ o‘tkazib, ushbu amallarning guvohi bo‘lmoqda, – dedi mahalla nuroniysi Ahmadjon Otajonov.
Yil yakuniga qadar yana yuzga yaqin savdo va servis ob’ektlari faoliyatini boshlashi kutilmoqda. Bu orqali qariyb 1 million nafar aholiga qulaylik yaratiladi. Yaqin kelajakda yana 50 ga yaqin xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etilib, 1 mingtaga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Muhimi, bu loyiha orqali davlat byudjetiga yiliga 30 milliard so‘mgacha qo‘shimcha tushum keltirilishi rejalashtirilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, Katta Oqtepa mahallasida amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar nafaqat shahrimiz, balki mamlakatimizdagi har bir mahallaning ertangi ravnaqiga xizmat qiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/_P1l2K5h9Vk?si=oWPvAx9fI-DDx2xJ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDIEV,
Anvarxo‘ja AHMEDOV (video),
O‘zA