Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanish masalalari muhokama qilindi
Moskva shahrida «Transport haftaligi – 2024» tadbiri o‘z faoliyatini boshladi. Rossiya Federatsiyasi Transport vazirligi tomonidan 17-marotaba tashkil etilgan tadbir doirasida «Transport-2024» forumi va ko‘rgazmasi ham o‘tkazilmoqda.
«Transport haftaligi – 2024» doirasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Rossiya Federatsiyasi transport vaziri Roman Starovoyt o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikda temir yo‘l infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanish masalalarini muhokama qilishdi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ma’lumotida.
Uchrashuv yakunida vazirliklar o‘rtasida temir yo‘l infratuzilmasini qurish bo‘yicha hamkorlikni tashkil etish yuzasidan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
A.RUSTAMOV, O‘zA