Kasbiy ta’limga e’tibor qanday?
Kasbiy ta’limning sifati va samaradorligini oshirish, yoshlarning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga yaqindan ko‘maklashish, o‘quv dargohlaridagi ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bugungi kunda g‘oyat muhimdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Hilola Umarova boshchiligida kasbiy ta’limni rivojlantirish hamda tizimda kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kasbiy ta’lim agentligi, tizim tashkilotlari rahbariyati vakillari, vazirlik hamda Agentlikning hududiy bo‘linma mutasaddilari ishtirok etdi.

O‘zaro muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda kasb-hunar ta’limini rivojlantirish va amaliy ko‘nikmalarga asoslangan dual ta’lim tizimini takomillashtirish, kasbiy ta’lim tizimida kadrlar salohiyatini oshirish hamda xorijiy hamkorlik dasturlarini kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Shu bilan birga muvaffaqiyatli texnikumlar faoliyatini mamlakat miqyosida ommalashtirish, joriy yil Prezident sovrini uchun texnikum o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Kasbiy mahorat” milliy tanlovini yuqori saviyada tashkil etish, texnikumlarga “til egalari” bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda belgilangan mazkur rejalarni izchil amalga oshirishda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Kasbiy ta’lim agentligining hududiy bo‘linmalari hamkorlikda ish olib borishi ta’kidlandi.
Tadbir davomida vazirlik hamda Agentlik hududiy bo‘linma rahbarlarining yig‘ilish kun tartibidagi masalalar bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
N.Usmonova,
O‘zA