Kasbiy ta’lim fidoyilari e’zozlandi
Samarqand viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi tomonidan 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbirga tizimda uzoq yillar mehnat qilib, yosh avlodning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan kasb-hunarli yoshlarni kamolga yetkazishda fidoyilik ko‘rsatgan ustoz-murabbiylar taklif etildi.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev, viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov yig‘ilganlarni va ular orqali tizimda faoliyat yuritayotgan barcha ustoz va murabbiylarni bayram bilan qutlab, kasbiy ta’limning mamlakat iqtisodiyotidagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladi.
Tadbirda sohada samarali mehnat qilib, tizim rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh o‘qituvchi va murabbiylarga oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.
– Olti yildan buyon sartaroshlik yo‘nalishi bo‘yicha amaliyot rahbariman, – deydi Nurobod tumanidagi 2-texnikum ishlab chiqarish ta’limi ustasi Zebiniso Turdiboyeva. – Hozirda maishiy xizmatlar sohasiga talab juda yuqori. Sartaroshlikni o‘rganish istagida bo‘lganlar ham ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Texnikumda ularga kasb sirlarini mukammal o‘rgatish uchun zarur sharoit yetarli. Shuning uchun bo‘lsa kerak, “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasblar festivalida o‘quvchilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, pul mukofotlarini qo‘lga kiritdi. Mehnatimiz e’tirof etilib, “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoniga loyiq ko‘rishganidan xursandman.
[photobank-31656]
– O‘n besh yillik ish faoliyatim davomida mingdan ortiq o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirdik, – deydi Abu Ali ibn Sino nomidagi Payariq tumani jamoat salomatligi texnikumi katta o‘qituvchisi Dildora Yo‘ldosheva. – Har yili sohamizga oid tanlovlarda faol qatnashamiz. Bu yil “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining respublika bosqichida o‘quvchimiz Muxlisa Usmonova ikkinchi o‘rinni egalladi. Tanlovda o‘quvchim g‘olib bo‘lgani uchun menga 33 million, o‘quvchimga 6 million so‘m pul mukofoti berildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari