Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan JICA xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda ustozlar uchun kasbiy rivojlanish seminar-treninglari tashkil etildi.
Ushbu treninglar dars kuzatish amaliyoti loyihasi (Lesson study) doirasida o‘tkazilmoqda.
Treningda tajriba-sinov tariqasida poytaxtdagi va Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan jami oltita maktabdan 45 nafar o‘qituvchi, maktab direktori va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Dars kuzatish amaliyoti (“Lesson study)dan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘qituvchilarning o‘zaro tajriba almashishi orqali kasbiy o‘sish amaliyotini ta’lim tizimiga joriy qilishdan iborat.
Mashg‘ulotlar davomida trening ishtirokchilariga kasbiy rivojlanish uchun ichki motivatsiyaning roli, darsning maqsadi va kutilgan natijalarini to‘g‘ri belgilash, dars kuzatish va kuzatilgan dars borasida fikr almashish madaniyati, o‘tilgan dars borasida refleksiv mulohaza qilish amaliyoti kabi mavzularda mahoratli trenerlar tomonidan ma’lumotlar berildi.

Seminarning davomi sifatida ishtirokchilar uch hafta davomida malakali trenerlar bilan onlayn tarzda vebinarlar va jonli muloqotlar olib boriladi.
Umumta’lim maktablariga tajriba-sinov tariqasida joriy qilinayotgan kasbiy rivojlanishning yangi yo‘nalishi ushbu jarayon yakuniga yetganidan so‘ng mahalliy tadqiqotchilar jamoasi tomonidan o‘rganiladi va yakuniy hisoboti Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdim etiladi.
N.Usmonova, O‘zA