Kasbiy imtihonlarning shaffofligi qanday taʼminlanmoqda? (+video)
Bugun 2-sentyabrdan oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun talabgor boʻlgan abituriyentlar uchun test sinovlari, shu bilan birga, kasbiy imtihon asosida saralanadigan taʼlim muassasalarida ham imtihonlar boshlandi.
Bugun 2-sentyabrdan oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun talabgor boʻlgan abituriyentlar uchun test sinovlari, shu bilan birga, kasbiy imtihon asosida saralanadigan taʼlim muassasalarida ham imtihonlar boshlandi.
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida ham ayni jarayon qizgʻin oʻtayotganining guvohi boʻldik.
Ijodiy imtihonlar oʻtkazilayotgan xonalarga maxsus kameralar oʻrnatilgan, ular orqali institut tashqarisiga har bir xona uchun alohida joylashtirilgan televizorlar orqali istagan kishi abituriyent va imtihon komissiyasi aʼzolari oʻrtasidagi muloqot, savol-javob jarayonlarini ovozli tasvir orqali koʻrishi mumkin. Shuningdek, har bir xonada kechayotgan imtihon jarayonlari bu yerda oʻrnatilgan videokameralar orqali yozib olinadi va zarurat tugʻilganida istagan paytda uni qayta koʻrish imkoni mavjud. Bularning barchasi ijodiy imtihonlarni ochiq, adolatli oʻtishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, institutda boʻlayotgan imtihon jarayonini koʻrish uchun endilikda ota-onalar institut hovlisiga kiritilmayapti. Ular uchun tashqarida jarayonni televizion koʻrish uchun sharoit yaratilgan.
Institut hududga kiritishda abituriyentlarning tana harorati oʻlchanmoqda, dezinfeksion yoʻlakdan oʻtib, niqob va qoʻlqop berilib, xonalarga kiritilayapti. Maʼlum qilishlaricha, ertalab imtihonga kelgan bitta abituriyentning isitmasi borligi bois, u shifokor nazoratiga yuborildi.
2020-2021 oʻquv yilida mazkur institutning kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha 20 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga 1025 nafar abituriyent talabalikka qabul qilinadi.
Institutga kirish uchun 15 387 nafar abituriyentning hujjatlari roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, shuning 3767 nafari 17 ta yoʻnalish boʻyicha ijodiy imtihon topshiradi.
Institutda imtihon jarayonlarini kuzatish uchun 14 kishidan iborat jamoatchilik kengashi ham tashkil etildi. Ular jarayonni kuzatib, tahlil qilib boradi. Bugun boshlangan kasbiy imtihonlarda agar bir kunda 200 nafar talabgor ishtirok etsa, taxminan 19 kunda yakunlanadi.