Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2022-2023 o‘quv yiliga bakalavriatning alohida iqtidor talab qilinadigan ta’lim yo‘nalishlariga qabul uchun o‘tkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Musiqa ta’limi yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan imtihonlarning belgilangan talablar asosida shaffof, adolatli, oshkora o‘tishi jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, shu bilan birga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan biriktirilgan vakillar tomonidan nazorat qilinmoqda.
Imtihonlar Internet tarmog‘i orqali ota-onalar va keng jamoatchilik vakillariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatilmoqda.
Abituriyentlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun O‘zbekistonning turli joylaridan tajribali professorlar va mutaxassislar jalb qilingan bo‘lib, ular tomonidan har bir abituriyentning tayyorgarligi odilona baholanib, to‘plagan ballari o‘sha vaqtning o‘zida ma’lum qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, institutda bakalavriatning musiqa ta’limi yo‘nalishiga imtihonlar 1 avgustdan, jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishiga 2 avgustdan, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishiga esa kasbiy (ijodiy) imtihonlar 3 avgustdan boshlanishi belgilangan.
Imtihonlar joriy yil 9 avgustgacha davom etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA