Kasbiy imtihon iste’dodli yoshlarni saralab beradi
Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilda Navoiy davlat pedagogika institutida kasbiy imtihonlar bo‘ladigan 8 ta yo‘nalishga 890 nafar abituriyentning hujjatlari qabul qilindi.
– Institutimizda kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tadigan 8 ta yo‘nalishga hujjat topshirgan abituriyentlarning 18 nafari nogironligi bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari hamda 3 nafari ko‘zi ojiz bo‘lgan abituriyentlardir, – deydi institut Axborot xizmati rahbari Kamol Xolov. – Imtihonlarni yuqori saviyada, shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida malakali, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tajribaga ega mutaxassislar jalb etilgan. Imtihonlar ikki smenada tashkil etilmoqda. Ayni paytda tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, vokal san’ati, cholg‘u ijrochiligi, rang tasvir, dizayn, musiqa ta’limi, jismoniy madaniyat va sport faoliyati - kurash yo‘nalishida ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.



Kasbiy va ijodiy imtihonlarning fan dasturi hamda baholash mezonlari institutning nspi.uz veb-sayti va telegramm ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirilgan bo‘lib, ota-onalar va abituriyentlarning yaqinlari har bir xona uchun alohida-alohida joylashtirilgan televizorlarda video kuzatuv orqali imtihon jarayonlarini kuzatib bormoqda. Har bir xonada bo‘lib o‘tayotgan imtihon jarayonlari videokameralar orqali yozib olinmoqda va zarurat tug‘ilganida istalgan paytda uni qayta ko‘rish imkoni mavjud. Bularning barchasi ijodiy imtihonlarning ochiq, adolatli va shaffof o‘tishi uchun amalga oshirilmoqda.




Ma’lumot o‘rnida, 2023-2024 o‘quv yilida Navoiy davlat pedagogika institutiga 2937 nafar talaba qabul qilish rejalashtirilgan. Jumladan, 30 bakalavriat (kunduzgi) ta’lim yo‘nalishlari uchun 1830 ta, 10 ta sirtqi ta’lim yo‘nalishlari uchun 625 ta, 9 ta kechki ta’lim yo‘nalishlari uchun 360 ta va magistratura mutaxassisliklari uchun esa 122 ta o‘rin ajratilgan. Shuningdek, institutda ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ham 325 ta kvota ajratilgan.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA