Oramizdagi zamondoshlarimiz
“NKMK mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi Abduqodir Xoliqulov Markaziy kon boshqarmasi tizimida ish boshlaganiga ham 37 yil bo‘ldi. Oddiy kon ishchisidan bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan qahramonimiz nafaqat jamoasida, balki mahallasida ham barchaga ibrat bo‘lib kelmoqda. Uning konchilik yo‘nalishini mukammal bilishi, ilmiy va uzoq yillar to‘plagan boy tajribasi ko‘plab konlarning ochilish jarayonlarida qo‘l kelmoqda.

– Bolaligim Nurota tumanining Oqtog‘ tizmasida joylashgan so‘lim Baroq qishlog‘ida o‘tgan, – deydi A.Xoliqulov. – Otam Langar qo‘rg‘oni yaqinidagi dala shpati, granit va o‘sha vaqtlarda sanoat uchun juda kerakli bo‘lgan volfram qazib olinadigan konlarda, keyinchalik esa G‘ozg‘ondagi marmar konida uzoq yillar burg‘ilovchi bo‘lib mehnat qilgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, tabiiy boyliklarni qazib olinishi menda katta qiziqish uyg‘otgan. Bu esa shu kasbni tanlashimga sabab bo‘lgan. Oilamizda 5 o‘g‘il va 3 qiz voyaga yetganmiz.

1981 yilda 15-o‘rta maktabni oltin medal bilan tugatgan Abduqodir aka harbiy xizmatdan keyin 1984 yil Toshkent politexnika institutining Tog‘-kon metallurgiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Foydali qazilma boyliklarni ochiq kon usulida qazib olish mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishni tugatgach, Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli “Muruntov” konida oddiy kon ishchisi bo‘lib ishlay boshladi.
Yillar davomida orttirilgan tajriba va ustozlarining o‘gitlari bois “Portlatish” uchastkasi portlatuvchisi, uchastka boshlig‘i o‘rinbosari, uchastka boshlig‘idan kon bosh muhandisining burg‘ilash-portlatish ishlari bo‘yicha o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

Bir sohada uzoq vaqt faoliyat yuritish har bir kasb egasidan sabr-toqat, matonat bilan bir qatorda haqiqiy fidoyilikni, katta mas’uliyatni talab etadi. U o‘zining halol mehnati orqali jamoada munosib e’tirofga loyiq topilgan. Abduqodir Xoliqulov Markaziy kon boshqarmasining Konchilik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, 1-, 2- va 3-darajali “Konchilik shuhrati” va “NKMK mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari sohibidir.
Turmush o‘rtog‘i Inobat opa O‘rolova bilan to‘rt nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Inobat opa uzoq yillardan buyon “Muruntov” shaxtasi shaxta ichi transporti uchastkasi stvolchisi vazifasida ishlab keladi. Katta qizi Mahzuna Navoiy davlat konchilik instituti (hozirgi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti)ni tamomlagan. O‘g‘li Ma’rufjon esa Milliy tadqiqot texnologiyalar universitetining Moskva filialini tugatib, hozirgi kunda 2-gidrometallurgiya zavodida ishlamoqda. Ikkinchi qizi Mohsanam ham ota-ona izidan bordi va hozirda konchilik yo‘nalishida tahsil olayotgan bo‘lsa, oilaning kenja farzandi Muborakxon esa 10-sinf o‘quvchisi.
Ҳар bir kunni shukronalar aytib, o‘zgacha shijoat va kuch-g‘ayrat bilan boshlashga odatlangan Abduqodir aka o‘ziga yuklatilgan vazifani mas’uliyat bilan bajarishga harakat qiladi. U oilasining tirgagi, jamoasining faxri, shogirdlarining esa maslahatchi ustozidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri.