Kasbidan qadr topgan Husan ota (+video)
FOTOREPORTAJ
Inson umri uning qancha yashagani bilan emas, aksincha qilgan amallari, xayrli ishlari ila o‘lchanadi. Xalq orasida, oilada, qolaversa, mehnat jamoasida hurmat, mehr-e’tibor qozonish ham ana shunday sa’y-harakatlarga bog‘liq. Oramizda shunday insonlar borki, ularning samimiyligi, dilgirligi qalbimizga mudom quvonch bag‘ishlaydi, mehnatsevarligi, ish tajribasidan o‘rnak olgimiz keladi.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali qurilish montaj boshqarmasida avtokranchi vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan Husan Sapayev ham yaqinlari va hamkasblari orasida alohida hurmatga ega insonlardan.
[gallery-14598]
Qahramonimizning ota-onasi Xorazm viloyatida tavallud topgan. O‘zi esa Termiz tumanida tug‘ilib, voyaga yetgan. 1987 yil Termiz tumanida maxsus o‘quv kurslarida avtokranchilikni tamomlagan Husan Sapayev turli tashkilotlarda ish faoliyatini olib borgan. 2003 yildan buyon esa gaz ta’minoti sohasida sadoqat, mas’uliyat bilan ishlab keladi. Qariyb 20 yillik ish tajribasiga ega.
“Yetti o‘lchab bir kes” naqliga doim amal qiluvchi qahramonimiz har ishda mukammallikka, masalaga jiddiy yondashgan holda xato qilmaslikga harakat qiladi. Bu xislati esa hamkasblarining unga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlagan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4tz7JobfWTE" title="Kasbidan qadr topgan Husan ota" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>– Men bir vaqtning o‘zida ham gazchiman, ham avtokranchiman, - deydi Husan Sapayev. – Avtokranchilik mas’uliyatli ish. Gaz quvurlarini ko‘tarib tushirish jarayonida hamkasblarim bilan birgalikda harakat qilaman, ularning ko‘rsatmalariga amal qilaman. Sababi, ehtiyotsizlik yoki salgina noto‘g‘ri harakatim bilan kimnidir jarohatlab qo‘yishim mumkin. Har bir ishda yutuqqa, samaradorlikka erishish uchun kishi, avvalo, o‘sha yo‘nalish bo‘yicha puxta bilimga, tajribaga ega bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, hamjihatlik, uyushqoqlik bor joyda ish yanada rivoj topadi, unumli bo‘ladi.
O‘zA fotomuxbiri Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar