Kasbga sadoqat baxtga yetaklaydi
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash, sohada xavfsizlikni mustahkamlash va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Bu ezgu maqsadlar ro‘yobida gaz ta’minoti tizimida faoliyat yuritayotgan fidoyi mutaxassislarning mehnati beqiyos. Ana shunday insonlardan biri “Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi payvandchisi Jamshid Odilovdir.
U qariyb o‘n sakkiz yildan buyon sohada halol mehnat qilib, o‘z kasbiga sadoqati, mas’uliyati va yuksak mahorati bilan hamkasblari o‘rtasida munosib hurmat qozonib kelmoqda. Qahramonimizning har bir ish kuni ertalab aholidan kelib tushgan murojaatlar va ish rejasi bilan boshlanadi. Elektron gaz hisoblagichlarini o‘rnatish, gaz taqsimlash qurilmalarini demontaj qilish, gaz quvurlarida payvandlash ishlarini amalga oshirish kabi mas’uliyatli vazifalar uning kundalik mehnatining ajralmas qismi hisoblanadi.
Payvandchilik kasbi yuqori aniqlik, sabr va mas’uliyat talab etadi. Jamshid Odilov esa yozning jazirama issig‘ida ham, qishning qahraton sovug‘ida ham o‘z burchini sidqidildan bajaradi. Uning sifatli va puxta bajargan payvandlash ishlari aholini tabiiy gaz bilan barqaror hamda uzluksiz ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Ishimni juda yaxshi ko‘raman, – deydi Jamshid Odilov. – Albatta, kasbimning o‘ziga xos qiyinchiliklari bor. Ba’zan yozning eng issiq kunlarida ham olov taftida ishlashga to‘g‘ri keladi. Bu kasb sinchkovlik, e’tibor va mas’uliyatni talab qiladi. Men har bir vazifani yurakdan bajarishga harakat qilaman. Eng katta quvonchim mehnatim orqali insonlar xonadonlariga tabiiy gaz uzluksiz yetkazib berilishiga hissa qo‘shayotganimdir.
Jamshid Odilov nafaqat malakali mutaxassis, balki haqiqiy ustoz hamdir. U o‘zining boy tajribasini yoshlarga o‘rgatishni burch deb biladi. “Navbahortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi huzuridagi o‘quv-amaliy mashq maydonida yosh gazchilarga payvandlash sir-asrorlarini o‘rgatib, ustoz-shogird an’analarini munosib davom ettirmoqda.
Uning mehnati o‘z samarasini ham bermoqda. Shogirdlaridan biri “Qiziltepatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi payvandchisi Begzod Muqimov o‘tgan yili “Hududgazta’minot” AJ tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Eng yaxshi jamoa” ko‘rik-tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu esa ustoz mehnatining eng munosib e’tirofi hisoblanadi.

Jamshid Odilovning iste’dodi faqat kasbi bilangina cheklanmaydi. U oddiy temir simlardan ot va kiyik haykallarini yaratib, ularni filial hovlisiga o‘rnatgan. Katta did, nozik his va ijodiy izlanish mahsuli bo‘lgan bu kompozitsiyalar mehnatkash insonning nafaqat mohir payvandchi, balki san’atga oshno ijodkor ekanini ham namoyon etadi.
Hayotda u ikki o‘g‘il va bir qizning mehribon otasi, ota-onasiga suyanch, turmush o‘rtog‘iga ishonchli hamrohdir. Uning bugungi baxti yillar davomidagi halol mehnat, sabr-toqat, matonat va insonlarga bo‘lgan mehr natijasida barpo etilgan.
Bugun Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, mehnatkash insonlarni rag‘batlantirish va kasb egalarining nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jamshid Odilov kabi fidoyi mutaxassislar esa bu islohotlarning haqiqiy amaliy kuchiga aylanib, yurt taraqqiyoti va aholi farovonligi uchun munosib hissa qo‘shmoqda.
Kasbini sevgan, mehnatini qadrlagan insonning baxti ham, obro‘si ham yuksak bo‘ladi. Jamshid Odilovning hayot yo‘li bu fikrning yorqin isbotidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri