Kasbga intilayotgan yoshlar — Yangi O‘zbekiston tayanchi
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi 2-sonli texnikumda “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining birinchi bosqichiga tantanali start berildi. Mazkur tanlov yoshlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ularning iste’dodi va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy kasblarga qiziqishini kuchaytirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Ochilish marosimida viloyat va respublika miqyosidagi mutasaddi rahbarlar, tashkilot va idoralar vakillari, pedagoglar hamda yoshlar ishtirok etishdi. Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi, Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i M. Rahmonberdiyev, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i B. Soatov, Jizzax viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i S. Nazarqosimov hamda viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari D. Xudoyshukurov so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlashdi.
Qayd etilganidek, bugun mehnat bozorida raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Shu ma’noda, kasbiy mahorat tanlovlari yoshlar uchun nafaqat bellashuv, balki tajriba almashish, yangi g‘oyalar ustida ishlash va o‘z imkoniyatlarini namoyon etish maydoni vazifasini o‘tamoqda.
[gallery-29680]
Tadbir davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q. Sharipov jonli efir orqali respublika bo‘ylab tanlovning rasmiy start berilganini e’lon qildi. Bu esa mazkur loyihaning mamlakat miqyosidagi ahamiyati va yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Tanlovning birinchi kunida 10 ta kasb yo‘nalishidan 4 tasi bo‘yicha amaliy bellashuvlar tashkil etildi. Xususan, sartaroshlik yo‘nalishida 24 nafar, moda texnologiyalari bo‘yicha 14 nafar, oshpazlik yo‘nalishida 26 nafar hamda kompyuter grafikasi bo‘yicha 20 nafar ishtirokchi o‘z mahoratini namoyish etdi.
Bellashuvlar jarayonida qatnashchilarning kreativ yondashuvi, amaliy ko‘nikmalari va innovatsion g‘oyalari hakamlar hay’ati hamda mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, oshpazlik yo‘nalishida tayyorlangan milliy va zamonaviy taomlar, moda texnologiyalaridagi yangi dizayn yechimlari, kompyuter grafikasi bo‘yicha ijodiy loyihalar va sartaroshlik sohasidagi ishlar ishtirokchilarning salohiyatlarini yaqqol namoyon etdi.
Tanlov jarayonlarida mutasaddilar bellashuv maydonlarini aylanib chiqib, yoshlar bilan muloqot qildi, ularning ishlari bilan yaqindan tanishdi hamda kelgusi faoliyati uchun tavsiya va tilaklar bildirishdi.
Ta’kidlanganidek, bunday tanlovlar yoshlarning kasb-hunarga qiziqishi va intilishini qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy kasb egalari sifatida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolgan yo‘nalishlar bo‘yicha bellashuvlar esa tasdiqlangan reja-grafik asosida keyingi kunlarda davom ettiriladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari