Kasb tanlash bolalikdan boshlanadi: yangi tizim qanday qulayliklar beradi?
Bugun maktab ta’limi faqat dars va baholar bilan cheklanib qolmayapti. O‘quvchining qaysi sohaga qiziqishi, qanday qobiliyatga ega ekanligi va kelajakda qaysi kasbni tanlashiga maktab davridanoq e’tibor qaratilmoqda.
Yangi o‘quv yilidan esa bu jarayon yanada tizimli tus oladi.
2025–2026 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 400 ta maktabda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish tizimi joriy etildi. Ushbu maktablardagi 10-11-sinflarda tahsil olgan 23 ming 303 nafar o‘quvchi tanlov asosida ishchi kasblar hamda axborot texnologiyalariga oid yo‘nalishlarda kasb-hunar o‘rgandi. Shu maqsadda 400 ta maktabda kasbiy ta’lim ustasi lavozimi ham joriy qilindi. O‘quv yili yakuniga ko‘ra, kasb-hunar egallagan 9 386 nafar 11-sinf bitiruvchisiga elektron kasbiy sertifikatlar berildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2025-2026 o‘quv yilidan respublikadagi 73 ta ta’lim muassasasida pedagogik sinflar tashkil etildi. Ularda 2 ming 164 nafar o‘quvchi qamrab olindi. Bu sinflarga pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining 146 nafar professor-o‘qituvchisi jalb etildi. Ya’ni o‘quvchilar pedagog kasbi haqida shunchaki ma’lumot olibgina qolmay, soha mutaxassislari bilan bevosita ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Endilikda 7-9-sinflarda “Mening kelajakdagi kasbim” dasturi asosida o‘quvchilarning qiziqishi, qobiliyati va iqtidori aniqlanib, ular akademik ta’lim yoki kasb-hunar yo‘nalishiga yo‘naltiriladi. Shu tariqa bolaga “Kim bo‘lasan?” degan savol 9 yoki 11-sinfda emas, ancha erta beriladi. Eng muhimi, unga javob topishda bolaning qiziqishi va qobiliyati asosiy mezonga aylanadi. Qayd etilishicha, kasb-hunarga yo‘naltirish jarayonida 9-sinf bitiruvchilari ham qamrab olinmoqda. Respublika bo‘yicha 223 mingdan ziyod, ya’ni 9-sinf bitiruvchilarining 38 foizi texnikumlarga jalb etildi. Bu esa umumiy o‘rta ta’limdan keyin yoshlarning mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallashiga imkoniyat yaratadi.
2026–2027 o‘quv yilidan esa maktabgacha va maktab ta’lim tashkilotlarida uzluksiz kasbga yo‘naltirish dasturi amaliyotga joriy etiladi. Unga ko‘ra, kasb tanlash jarayoni bolalikdan boshlanadi. 5 yoshdan bog‘chalarda “Atrofimizdagi kasblar” dasturi asosida o‘yinlar orqali turli kasblar haqida dastlabki tasavvurlar shakllantiriladi. 1-4-sinflarda “Kasblar alifbosi” dasturi orqali bolalarga turli kasblarning ahamiyati tushuntirilib, ularning dastlabki kasbiy qiziqishlari rivojlantiriladi. 5-6-sinflarda “Kasblar olami” dasturi asosida o‘quvchilarning mehnat va kasbiy faoliyat sohalariga qiziqishi oshiriladi.
Yangi o‘quv yilidan tajriba-sinov tariqasida 28 ta innovatsion tuman va shahardagi 84 ta maktabda “Mohirlik va biznes soatlari” yo‘lga qo‘yiladi. Uning asosiy maqsadi — o‘quvchilarni startap loyihalar ishlab chiqishga o‘rgatish. Demak, maktab o‘quvchisi nafaqat kasb tanlash, balki o‘z g‘oyasini shakllantirish, loyiha ishlab chiqish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini egallash imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Bugungi mehnat bozori tez o‘zgarmoqda. Shu bois yoshlarga faqat diplom emas, kasb, amaliy ko‘nikma, texnologiya va tashabbus ham kerak. Maktabda kasbga yo‘naltirish tizimining erta yoshdan boshlanishi esa har bir o‘quvchining o‘z qobiliyatiga mos yo‘lni topishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA