Kasb-hunar – yoshlarning o‘z o‘rnini topishida muhim asos
Yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishida bugungi harakati, bilimi katta ahamiyatga ega. Xususan, biror kasb-hunarni qunt bilan o‘rganish, haqiqiy ustasi bo‘lish kerak. Bugun shahar va tumanlardagi kasb-hunar maktablarida mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlar qiziqishlaridan kelib chiqib, 37 ta kasbni egallash harakatida.
Farg‘ona viloyatida 33 ta kasb-hunar maktabi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, to‘qqiz mingdan ziyod o‘g‘il-qiz turli yo‘nalishlarda tahsil olmoqda.
Farg‘ona azaldan milliy hunarmandchiligi bilan mashhur. Rishtonning kulolchilik, Qo‘qonning yog‘och o‘ymakorligi, Marg‘ilonning ipakchilik maktablari bugun ham yangi an’analar asosida davom etib kelmoqda. Aynan mazkur hududlardagi kasb-hunar maktablarida hunarmandchilik yo‘nalishlari tashkil etilib, yoshlarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yildi.
Yozyovon tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabida uchta mutaxassislik bo‘yicha 230 nafar yosh o‘qimoqda. Ular uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, chilangarlik, tikuvchilik ustaxonasi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda nafaqat nazariy bilim beriladi, balki o‘z yo‘nalishida amaliyot ham o‘tashi mumkin. Shuningdek, umumta’lim va mutaxassislik fanlari integratsiyalashgan dasturlari asosida o‘qitilmoqda. Innovatsion o‘quv markazi esa yoshlarni yangi tashabbus va istiqbolli loyihalarga undamoqda.
[gallery-2272]
– Markaziy Farg‘ona cho‘li hududida joylashgan tumanimizda sanoat, tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi tobora rivojlanib bormoqda, – deydi kasb-hunar maktabi direktori Muhammadjon Otajonov. – Maktabimizda tahsil olayotgan yoshlar kelgusida ana shu yo‘nalishlarning yetuk mutaxassislari bo‘ladi. Asosiysi, ularga ish beruvchilar aniq. Hozirgi kunda o‘quvchilarimiz biriktirilgan korxonalarda amaliyotni o‘tab, ish jarayoni bilan yaqindan tanishmoqda.
Mazkur kasb-hunar maktabida tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda ishsiz aholiga qisqa muddatli kasblarni o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Elektrogaz payvandlash, kompyuter texnologiyalari kursida 60 nafar fuqaro o‘qib, sertifikatga ega bo‘ldi. Ayni kunlarda «Yoshlar daftari», «Ayollar daftari»ga kiritilib band bo‘lmagan fuqarolarni o‘qitish ishlari davom etmoqda.
M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat), O‘zA