Samarqand shahridagi ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish markazida viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qishni davom ettirishni maqsad qilgan bitiruvchilar, tashkilot va korxonalar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi va o‘quv markaz mutaxassislari hunar o‘rganish istagida bo‘lgan yoshlarga markaz faoliyati, mavjud yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
– Bugun payvandchi mutaxassisga talab katta, – deydi hunar o‘rganish maqsadida yarmarkaga kelgan yoshlardan biri Sherbek Qudratov. – KOICAda mavjud yo‘nalishlar bilan tanishdim. Eng muhimi, bu yerda qisqa vaqtda payvandlash kasbini chuqur egallash imkoniyati borligi menda qiziqish uyg‘otdi.

Yarmarka so‘ngida yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash, qayta o‘qitish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
– Hozirda yuzdan ortiq tashkilotlarga hamkorlik shartnomalari asosida zarur mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar yetkazib beryapmiz, – deydi Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi rahbari Dilshod Pardayev. – Tikuvchi, payvandchi, elektr tarmog‘i mutaxassisi, xotin-qizlar uchun ayollar sartaroshi, oshpazlik va qandolatchilik yo‘nalishlariga talab katta. bugungi ko‘rgazmada ham kasb o‘rganishni maqsad qilgan yoshlar asosan ushbu yo‘nalishlarga qiziqish bildiryapti.
Yarmarkada o‘quv markazda kasb sirlarini o‘rganayotgan o‘quvchilar yasagan turli hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, O‘zA