Kasb-hunar maktabi issiqxonasida qulupnay pishdi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 1-kasb-hunar maktabida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 10 mingdan ortiq terak va uzum qalamchalari ekilib, parvarishlanmoqda.
Mazkur ta’lim maskanida har bir qarich yerdan unumli foydalanish namunali yo‘lga qo‘yilgan.
6 sotix maydonda barpo etilgan issiqxonada ayni pallada birinchi hosil – qulupnay pishib yetildi. Shuningdek, issiqxonada 80 tup limon ko‘chati ekilgan. Ular joriy yilda hosilga kiradi. Nihollar orasida esa qulupnay, sarimsoqpiyoz, rediska va ko‘katlar yetishtirilmoqda. Ekinlar parvarishida tomchilatib sug‘orish usulidan foydalanilmoqda. Issiqxona kasb-hunar maktabining agronomiya yo‘nalishida ta’lim olayotgan yoshlar uchun tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
[gallery-6627]
– Ishlab chiqarish ustalari va o‘quvchi-yoshlar tashabbusi bilan biogomus ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, - deydi kasb-hunar maktabi direktori Hurmatillo Turdaliyev. – Chuvalchang boqish orqali olinadigan bu mahsulotning ekinlar hosildorligini oshirishdagi foydasi katta. Bundan tashqari, muassasada tikuvchilik, avtomobilsozlik, elektr-gaz payvandchiligi, elektromontyor, agronomiya yo‘nalishlarida ishlab chiqarish ustaxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu kasb-hunar yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlarning nazariy bilimini amaliyot bilan mustahkamlash, malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat),O‘zA