Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish muhim
Kasallik o‘z vaqtida to‘g‘ri muolaja qilinmasa oddiy shamollash, boshqa turdagi kasalliklarni kelib chiqishiga, kichik jarohat esa og‘ir asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Sirdaryoda aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, tashhislash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Viloyatimiz aholisini 29 foizi ya’ni 245 ming 457 nafarini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 4,8 foizi ya’ni 40 ming 627 nafarini 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar, 66 foizi ya’ni 558 ming 627 nafarini 18 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolar tashkil etadi, – deydi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining davolash ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Fayzulla Mavlonov. – Kasallikka ko‘proq katta yoshdagi kishilar chalinmoqda. So‘ngi paytlarda yurak qon tomir, surunkali xolesterin, gipertoniya, endokrin tizimi va boshqa xavfli kasalliklar bilan kasallanish ko‘rsatkichi boshqa viloyatlarda bo‘lgani kabi Sirdaryoda ham oshmoqda. O‘lim ko‘rsatkichi ham aynan ana shu kasallikka chalingan fuqarolar orasida kuzatilmoqda.

Eng achinarlisi kasalliklarning kelib chiqishiga sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik, zararli odatlar, spirtli ichimlik, tamaki mahsulotlari va jismoniy faollikni yo‘qligi sabab bo‘lmoqda. O‘tgan yillar mobaynida viloyat aholisining 801 ming nafari tibbiy xatlovdan o‘tkazildi. Shunga qarab, ularning salomatlik ko‘rsatkichlari hisoblab chiqildi va uchta xavf guruhiga bo‘lindi. Natijada 37 183 nafar fuqaroda turli xil kasalliklar aniqlanib, shundan 18079 nafarini ya’ni 41 foizi davolandi.

Bunda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida ishlayotgan oila shifokori, patronaj hamshiralarning yordami katta. Chunki, zamonaviy tibbiyotda kasalliklar profilaktikasi muhim hisoblanadi. Oila shifokori va patronaj hamshiraning hamjihatlikda ishlashi kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash va davolash imkonini beradi. Bu esa turli og‘ir darajadagi kasalliklarni davolash uchun ortiqcha resurslar sarflanishining oldini olibgina qolmay, tibbiyot rivojiga, davlat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Prezidentimizning 2022 yil 25 apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ushbu soha vakillari zimmasiga katta mas’uliyat yuklabgina qolmay, ular uchun ko‘pdan ko‘p yengillik va imtiyozlar berdi. Qolaversa, “Qishloq shifokori” dasturi doirasida hududlarda mavjud bo‘lgan oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar moddiy-texnik jihatdan ta’minlanib, ular ishlashi, faoliyat yuritishlari uchun munosib shart-sharoit yaratilmoqda.
Sh. Suyarov,
Sh. Ortiqboyev,(surat) O‘zA.